“Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida “Moliyaviy yordam” niqobi ostidagi yirik firibgarlik fosh etildi
2026-11-06 17:50:00 / Yangiliklar

Respublika miqyosida oʻtkazilayotgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik oyligining 3-bosqichi doirasida, Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan firibgarlik yoʻli bilan fuqarolarning mulkiy huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yetkazgan shaxs faoliyati fosh etildi.
1978-yilda Olmaliq shahrida tugʻilgan Kim Pavel Leonidovich va uning jinoiy sherigi 1974-yilda Tojikistonda tugʻilgan Djarlakabov Talibjan Abdumamitovichlar koʻplab fuqarolarga moliyaviy yordam sifatida, oʻz hisobidan pul mablagʻlarini, qarzga berib, oʻzining kafolati sifatida mijozlardan, qarzga bergan pullaridan 10 barobar koʻp miqdorda pul olganligi haqida tilxat yozdirib olishga erishgan.
Jabrlanuvchi fuqarolardan kelib tushgan murojaat mazmuniga koʻra, Kim Pavel Leonidovich va uning jinoiy sherigi Djarlakabov Talibjan Abdumamitovich fuqaroga 1.000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni qarz sifatida beradi va 10 ming AQSH dollari olganligi haqida tilxat yozdirib oladi.
Oradan biroz vaqt oʻtgach, u fuqaroga bergan pullardan, 10 barobar koʻp miqdorda koʻrsatilgan tilxat bilan, fuqarolik sudlariga murojaat qilish orqali hal qiluv qarorini chiqaradi.
Shu tariqa ushbu shaxs, jabrlanuvchilarning har oylik ish haqini oʻzining manfaati uchun firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirib, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yetkazgan.
Jinoyat ishi doirasida ushbu shaxslarga tegishli yashash xonadoni hamda ish ofisi oʻrganilganda, fuqarolarga tegishli 100 ga yaqin tilxatlar koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqni beruvchi 55 ta uy-joylarning kadastr hujjatlari, 1 dona pnevmatik qurol, hamda Majburiy ijro byurosining 50 ga yaqin fuqarolardan pul undirish toʻgʻridagi hujjatlari borligi aniqlandi.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi, Tergov boshqarmasi tomonidan, ushbu jinoiy guruh faoliyatidan jabr koʻrgan 65 nafar fuqarolarning arizalari qabul qilindi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Kim Pavel Leonidovichga nisbatan, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda koʻp miqdorda firibgarlik), 188-moddasi 1-qismi, hamda 205-moddasi 2-qismi «a» bandlari bilan, Djarlakabov Talibjan Abdumamitovichga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi “a,b” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, protsessual tartibda ushlangan. Sudning qarori bilan ularning har ikkisiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
HURMATLI YURTDOSHLAR!
Agarda Siz ham ushbu shaxslardan jabr koʻrgan boʻlsangiz yoki ularning jinoiy xatti-harakatlari haqida biror maʼlumotga ega boʻlsangiz, Toshkent viloyati IIBBning +99871-762-20-82 YOKI 102 RAQAMLARIGA MUROJAAT QILISHINGIZNI SOʻRAYMIZ. (Shaxsingiz sir saqlanishi kafolatlanadi).





