BMT delegatsiyasi bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama etildi
2026-11-05 15:00:00 / Yangiliklar

Joriy yil 4-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida mamlakatimizga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchisi - Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi boshligʻi Aleksandr Zuyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Mehmonlar Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Mirmansur Mirxamidov tomonidan kutib olindi.
Tashrif munosabati bilan, ikki tomonlama uchrashuv tashkil etilib, unda terrorizmga qarshi kurashish va uning oldini olish boʻyicha aloqalarni kuchaytirish hamda istiqbolda belgilangan chora-tadbirlar yuzasidan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, muloqot davomida terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha xodimlarning malakasini oshirish, ilgʻor tajribalarni almashishga qaratilgan masalalar xususida fikr almashildi.
Ochiq va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro aloqalarni yanada mustahkamlash hamda kelgusidagi amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar.



