Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati ishtirokida sunʼiy intellekt, raqamli transformatsiya va kiberxavfsizlik masalalari muhokama qilindi
2026-11-05 10:05:00 / Yangiliklar

Qarshi davlat texnika universitetida «Sunʼiy intellekt, raqamli transformatsiya va innovatsion texnologiyalar» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Abduvoxid Ismoilov, Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi professor-oʻqituvchilari, shahar va tuman IIB boshliqlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida dastlab viloyat IIB boshligʻi polkovnik Abduvoxid Ismoilov soʻzga chiqib, hududda kiberjinoyatchilikning oldini olish, fuqarolarning moliyaviy xavfsizligini taʼminlash hamda aholining kiberxavfsizlik borasidagi bilim va savodxonligini oshirish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Xususan, viloyat hokimining 2026-yil 16-martdagi 110-son qarori ijrosi doirasida davlat organlari, tashkilotlar va taʼlim muassasalari ishtirokida olib borilgan targʻibot-tashviqot ishlari natijasida joriy yilning 9 oyi yakunlariga koʻra, kiberjinoyatlar bilan bogʻliq murojaatlar soni 5 foizga kamayishiga erishilgani taʼkidlandi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «APK Qoʻriqchi» mobil ilovasini fuqarolarning Android tizimida ishlovchi telefonlariga oʻrnatish orqali zararli APK fayllar yordamida sodir etiladigan kiberjinoyatlarning oldini olish borasida samarali natijalarga erishilayotgani qayd etildi.
Xususan, mazkur turdagi kiberjinoyatlar oktyabr oyida avvalgi oylarga nisbatan 77 foizga kamaygan.
Bugungi kunga qadar 900 mingga yaqin fuqaroning mobil qurilmasiga ushbu ilova oʻrnatilgan.
Anjumanda, shuningdek, viloyatda sodir etilayotgan kiberjinoyatlarning asosiy usullari, jumladan, soxta havolalar va zararli ilovalar, onlayn savdo platformalaridagi firibgarliklar, soxta investitsiya takliflari hamda kredit rasmiylashtirish bilan bogʻliq aldovlar xususida ham toʻxtalib oʻtildi.
Fuqarolarni bunday tahdidlardan ogoh etish va ularning moliyaviy xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati









