IIV Malaka oshirish institutida jismoniy va jangovar tayyorgarlikni takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi
2026-11-05 10:50:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida “IIO tizimida jismoniy va jangovar tayyorgarlik: xalqaro tajriba va milliy amaliyot uygʻunligi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Mazkur anjuman ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy va jangovar tayyorgarligini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish va milliy amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirishga qaratildi.
Konferensiyada davlat organlari va tashkilotlari, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi va Qirgʻiziston Respublikasidan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar, professor-oʻqituvchilar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirni IIV Malaka oshirish instituti boshligʻi, polkovnik, texnika fanlari nomzodi, professor Olimjon Tursunbayevich Axmedov kirish soʻzi bilan ochib, ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy va jangovar tayyorgarligini yuksaltirish, xalqaro tajribani chuqur oʻrganish hamda samarali usullarni milliy amaliyotga joriy etish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Anjuman davomida xalqaro tajriba va milliy amaliyotni uygʻunlashtirish, sambo va boshqa sport turlarining xodimlar kasbiy-amaliy tayyorgarligidagi imkoniyatlaridan samarali foydalanish, taʼlim jarayoniga zamonaviy va innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, ishtirokchilar sohada mavjud tajribalar, ilmiy izlanishlar va amaliy natijalar yuzasidan fikr almashib, oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
Taʼkidlash joizki, mazkur xalqaro konferensiya ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy va jangovar tayyorgarligini yangi bosqichga olib chiqish, ilgʻor xorijiy tajribalarni ommalashtirish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda kadrlar tayyorlash tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish yoʻlida muhim qadam boʻldi.
IIV Malaka oshirish instituti









