IIV Xavfsiz turizmni taʼminlash bosh boshqarmasi rahbariyati tomonidan Buxoro viloyatida xavfsiz turizmni taʼminlash borasidagi xizmat ishlarining tashkil etilishi va vazifalar ijrosi koʻrib chiqildi
2026-11-05 10:40:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi IIV Xavfsiz turizmni taʼminlash bosh boshqarmasi boshligʻi, polkovnik E.M. Alkarov Buxoro viloyati IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasida boʻlib, xodimlarning xizmat faoliyati, yuklatilgan vazifalar ijrosi hamda xizmatni tashkil etish jarayonlarini oʻrgandi.
Tashrif doirasida respublikamiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbirining uchinchi bosqichi munosabati bilan shaxsiy tarkib uchun xizmatoldi yoʻriqnomasi oʻtkazildi.
Unda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar va xorijiy sayyohlar xavfsizligini ishonchli taʼminlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda turistik hududlardagi osoyishtalikni mustahkamlash masalalari asosiy eʼtibor markazida boʻldi.
Rahbariyat har bir xodimga oʻz vazifasiga masʼuliyat bilan yondashish, hushyorlikni oshirish, qonuniylik va xizmat intizomiga qatʼiy rioya etish boʻyicha aniq koʻrsatma va tavsiyalar berdi.
Ayniqsa, Buxoro shahrining tarixiy hududlarida profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish, sayyohlar bilan muloqotda yuksak muomala madaniyatini namoyon etish va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarni tezkorlik bilan bartaraf etish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Yurtimiz mehmonlarining xavfsizligi va xotirjamligini taʼminlash nafaqat xizmat burchi, balki mamlakatimizning xalqaro nufuzi va turistik jozibadorligini oshiruvchi muhim omil ekanligi alohida taʼkidlandi.
Tadbir yakunida shaxsiy tarkib oldiga galdagi aniq vazifalar qoʻyilib, xizmat faoliyatida tashabbuskorlik, fidoyilik va yuqori masʼuliyatni namoyon etish zarurligi eslatib oʻtildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati





