Qashqadaryo viloyatida ichki ishlar organlari xodimlarining raqamli savodxonligi va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish salohiyatini oshirishga qaratilgan maxsus oʻquv markazi tashkil etildi
2026-11-05 10:00:00 / Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatimizga tashrifi davomida kiberjinoyatchilikning koʻp holatlari aholining raqamli savodxonligi yetarli emasligi oqibatida sodir etilayotgani taʼkidlanib, bank tizimida xavfsizlikni kuchaytirish hamda aholi oʻrtasida kiberxavfsizlik boʻyicha ogohlikni oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berilgan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini taʼminlash, shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarining raqamli savodxonligini oshirish va ularning kiberjinoyatlarga qarshi kurashish borasidagi kasbiy salohiyatini mustahkamlash maqsadida Qarshi davlat texnika universitetida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda maxsus oʻquv markazi tashkil etildi.
Markazning ochilish marosimida Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Abduvoxid Ismoilov, Qarshi davlat texnika universiteti rektori Sherzod Neʼmatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.
Taʼkidlash joizki, mazkur oʻquv markazi, avvalo, Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy bilim va malakasini oshirish, kiberjinoyatlarning yangi usul va koʻrinishlariga qarshi kurashish borasida zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida tashkil etildi.
Markazda ichki ishlar organlari xodimlariga raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt vositalari, kiberjinoyatlarni aniqlash va tahlil qilish, elektron dalillar bilan ishlash hamda zamonaviy axborot texnologiyalaridan tezkor-amaliy faoliyatda samarali foydalanish boʻyicha nazariy bilim va amaliy koʻnikmalar berilishi koʻzda tutilgan.
Ochilish marosimidan soʻng viloyat IIB boshligʻi markazda yaratilgan sharoitlar, mavjud texnik imkoniyatlar va oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Masʼullarga ichki ishlar organlari xodimlarining raqamli savodxonligini oshirish, mashgʻulotlarni amaliyot bilan uzviy bogʻliq holda tashkil etish hamda markaz imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi professor-oʻqituvchilari hamda IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan soha xodimlari uchun zamonaviy kiberxavfsizlik tahdidlari, kiberjinoyatlarni aniqlash va fosh etish usullari, raqamli texnologiyalar hamda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan amaliy faoliyatda foydalanish masalalariga bagʻishlangan mashgʻulotlar va tushuntirishlar olib borildi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati






