Turkiya Respublikasi Elchisining Ichki ishlar vazirligiga ehtirom tashrifi amalga oshirildi
2026-11-05 16:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov bilan Turkiya Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ufuk Ulutash oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari soʻnggi yillarda yangi mazmun bilan boyib, siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar yoʻnalishlar bilan birgalikda huquqni muhofaza qilish sohasida izchil rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.
Muloqot davomida ikki davlat ichki ishlar organlari oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, jinoyatchilikka qarshi kurashish, terrorizm va ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va narkotraffik hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish borasida oʻzaro tajriba almashish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Tomonlar ikki mamlakat huquq-tartibot va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda oʻzaro manfaatli aloqalarni izchil davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etib, istiqbolli vazifalarni belgilab oldilar.



