Buxoro viloyatida ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish va jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan vazifalar belgilandi
2026-11-05 06:40:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov Buxoro viloyatida boʻlib, hududda ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishdi.
Tadbir jarayonida Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirib boshqarmasida «Xavfsiz va sogʻlom yurt» oyligi doirasida tashkil etilgan tezkor shtab faoliyati bilan tanishilib, masʼullarning hisobotlari tinglandi. Buxoro shahri hududida jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va mahallalar kesimida profilaktik ishlarning natijadorligini oshirish zarurligini taʼkidladi. Bu borada kunlik xizmat faoliyatini tahlil qilish va rahbarlarning shaxsiy masʼuliyatini kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Viloyat IIB Patrul-post xizmati batalyonida xodimlarning jismoniy tayyorgarligini oshirish hamda xizmat vazifasini bajarish uchun yaratilgan sharoitlar koʻzdan kechirildi. Batalyon infratuzilmasini takomillashtirish, saf maydonini kengaytirish va hududni zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Kogon tumani IIBda moddiy-texnik taʼminot va xodimlar uchun yaratilgan xizmat sharoitlari oʻrganildi. Xizmat jarayonlariga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, raqamlashtirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlarni kuchaytirish vazifalari belgilandi.
Xizmat safari doirasida ichki ishlar vaziri huzurida Buxoro viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlashni yangi bosqichga olib chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatga tashrifi davomida belgilab berilgan vazifalar ijrosiga bagʻishlangan tezkor yigʻilish ham oʻtkazildi.
Unda Davlatimiz rahbarining 2026-yil 3-noyabr kuni Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida ilgari surilgan tashabbuslar, jumladan, umumiy qiymati 30 mlrd AQSH dollariga teng investitsiya loyihalarini amalga oshirish, asosiy koʻchalarni rekonstruksiya qilish, yangi avtomobil va temir yoʻl tarmoqlarini barpo etish hamda turizm infratuzilmasini rivojlantirish jarayonlarida jamoat xavfsizligini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, kelgusi yilda Buxoro shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan nufuzli xalqaro tadbirlarga puxta tayyorgarlik koʻrish, mehmonlar va ishtirokchilar xavfsizligini taʼminlash, transport harakatini samarali tashkil etish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Jamoat xavfsizligini taʼminlashda raqamli texnologiyalardan foydalanishni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, avtomobil yoʻllarini raqamli monitoring bilan qamrab olish hamda turizm markazlarida xavfsizlikni taʼminlash mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, transport oqimini samarali boshqarish va maxsus tadbirlar davomida harakat uzluksizligini taʼminlash maqsadida maxsus «yashil yoʻlaklar» tashkil etish vazifasi ham belgilandi. Ushbu yoʻnalishda Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari va Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boshligʻi shaxsan masʼul etib belgilandi.
Yigʻilish yakunida Davlatimiz rahbari tomonidan Buxoro viloyatida zamonaviy infratuzilma va yangi qiyofadagi ichki ishlar organlarini shakllantirish, jamoat xavfsizligini taʼminlash hamda xizmat samaradorligini oshirish boʻyicha belgilab berilgan barcha vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish har bir rahbar va xodimning ustuvor masʼuliyati ekanini alohida taʼkidlanib, masʼullarga belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan muntazam hisobot berish tizimini yoʻlga qoʻyish vazifasi yuklatildi.






