Farzandni tarbiyalash boʻyicha majburiyatlarni bajarmaslik javobgarlikka sabab boʻladi
2024-10-13 14:35:00 / Yangiliklar
Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar oʻrtasida oʻzini maʼlum bir hayvon qiyofasida aks ettiruvchi aksessuarlardan foydalangan holda oʻsha jonzotning xatti-harakatlariga taqlid qilish koʻrinishidagi kvadroberlik submadaniyati namoyon boʻlmoqda.
Shu kabi voqealar Qozogʻiston, Rossiya va Ukraina yoshlari orasida ham kuzatilgan.
Achinarlisi, bunday nomaqbul harakatlar Toshkent shahrida ham kuzatilmoqda. Xususan, 10-oktyabrda hayvonlar qiyofasidagi niqoblarni taqib olgan “kvadrober” uchratilgani, 11-oktyabrda esa yana bir “kvadrober” yoʻlovchilarga itga taqlid qilib hujum qilgan, voqeaga guvoh boʻlgan bola qattiq qoʻrqib ketganligi xabar berilgan.
Mazkur holatlar jamiyatda yurish turish qoidalariga zid boʻlib, bu kabi xulq-atvorni mutlaqo qabul qilib boʻlmaydi.
Ekspertlar fikricha, kvadroberlik bola oʻziga hayvonlarning agressiv harakatlarini qabul qilishiga, oʻzini va atrofdagilarni jarohatlashiga, bolaning hali toʻla shakllanmagan psixikasiga zarar yetishiga hamda uning jamiyatdan ajratilib qolishiga olib kelishi mumkin.
Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasiga binoan, ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sogʻlom, toʻlaqonli va har tomonlama kamol topishi xususida gʻamxoʻrlik qilishga majburdirlar. Shuningdek, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, voyaga yetmagan taʼlim oluvchilarning ota-onasi bolaning oʻqishi, tarbiyalanishi, jismoniy, maʼnaviy va intellektual rivojlanishi uchun masʼuldir. Shuningdek, voyaga yetmagan taʼlim oluvchilarning ota-onasi oʻz bolalarini insonparvarlik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, maʼnaviy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalashi shart.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga muvofiq, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi BHMning 5 barobarigacha (1 million 875 ming soʻmgacha) jarimaga tortishga sabab boʻladi.
Shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirligi hurmatli ota-onalarimizni oʻz farzandlarini har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash boʻyicha oʻzlarining maʼnaviy burchlari va qonuniy majburiyatlarini bajarishga chaqiradi.
Bola huquqlari kafolatlarini taʼminlashga masʼul organlardan biri sifatida vazirlik shunday submadaniyat namoyon boʻlishi holatlari ota-onalar tomonidan oʻz majburiyatlarini bajarmaslik sifatida malakalanishini maʼlum qiladi.
Bundan tashqari, kvadroberlik bolaning ruhiy va emotsional sogʻligʻiga qanday taʼsir etganligini aniqlash maqsadida zarur hollarda bolalarni maxsus psixologik koʻrikdan (konfidensial tarzda, bolani yakkalash va diskriminatsiya qilinishiga yoʻl qoʻymaydigan doʻstona usullar orqali) oʻtkazish ham talab etilishi mumkin.