IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari ishtirokida oʻquv mashgʻuloti tashkil etildi
2026-11-01 10:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi strategik rejalashtirish va rivojlantirish boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatini xodimlarga yetkazish, ularning huquqiy bilimi va kasbiy salohiyatini oshirish maqsadida IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari ishtirokida oʻquv mashgʻuloti tashkil etildi.
Mashgʻulot davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-oktyabrdagi PF-201-son Farmoni, 2025-yil 29-dekabrdagi PQ-394-son qarori hamda 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-son Farmonining mazmuni, ularda belgilangan ustuvor yoʻnalishlar va ijro mexanizmlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Xususan, mazkur hujjatlarda nazarda tutilgan strategik rejalashtirish tizimini takomillashtirish, belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish, ijro intizomini mustahkamlash, faoliyat samaradorligini baholash hamda amalga oshirilayotgan ishlar ustidan tizimli monitoring olib borish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻquv mashgʻuloti anʼanaviy maʼruza shakli bilan cheklanib qolmasdan, xodimlar bilan savol-javob va amaliy muhokamalar asosida olib borildi.
Jarayonda Prezident farmon va qarorlarining huquqiy ahamiyati, ularning oʻzaro farqli jihatlari, ijro mexanizmlari hamda ichki ishlar organlari faoliyatiga taalluqli vazifalar yuzasidan xodimlarning bilimlari mustahkamlandi.
Shuningdek, Yoʻl harakati xavfsizligi sohasida mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash, ularning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish, xavf-xatarlarni oldindan baholash va samarali yechimlarni ishlab chiqishda zamonaviy tahlil usullaridan foydalanish masalalari koʻrib chiqildi.
Jumladan, SWOT, PESTEL, Stress Testing va Scenario Analysis usullarining amaliy ahamiyati tushuntirildi.
Mashgʻulot davomida har bir tarkibiy boʻlinma faoliyatini aniq natijadorlik koʻrsatkichlari asosida baholash, belgilangan vazifalar ijrosini sifatli tashkil etish, yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish hamda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasidagi masʼuliyatni kuchaytirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Bunday oʻquv mashgʻulotlari xodimlarning huquqiy va kasbiy bilimlarini oshirish, strategik hujjatlarda belgilangan vazifalarni kundalik xizmat faoliyatiga tatbiq etish, tashabbuskorlik va tahliliy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.



