Namangan viloyati IIB rahbariyati tomonidan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tadbirining dastlabki natijalari tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilab olindi
2026-11-03 09:00:00 / Yangiliklar

Yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jamoat xavfsizligini mustahkamlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ichki ishlar organlarining ustuvor vazifalaridan biridir. Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hududlarda xavfsiz muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Respublika miqyosida joriy yilning 1-noyabridan 1-dekabriga qadar “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng koʻlamli tezkor-profilaktik tadbirlarining 3-bosqichi oʻtkazilmoqda. Mazkur tadbir doirasida viloyat hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlashga qaratilgan ishlar olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan Namangan viloyati IIB boshligʻi rahbarligida tadbirlar ijrosini muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh aʼzolari ishtirokida muhokama yigʻilishi oʻtkazildi.
Unda amalga oshirilayotgan ishlar va dastlabki natijalar tahlil qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yigʻilishda barcha shahar va tumanlarda profilaktik tadbirlarni samarali tashkil etish, aniq va manzilli ishlarni kuchaytirish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash hamda aholi salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi holatlarning oldini olish yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, tungi xizmatga jalb etilgan naryadlarga xizmatni samarali tashkil etish, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati







