Qoʻshqanotlar. Baxtning tayanchi — totuvlikda
2026-10-31 23:00:00 / Yangiliklar

Payariq tumani IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, leytenant Marjona Mansurova xizmat faoliyati davomida turli eshiklarni taqillatishiga toʻgʻri keladi. Bu eshiklar ortida kimgadir ayta olmaydigan dard, uzoq vaqt ichga yutilgan alam yoki yechimini kutayotgan muammo yashirin boʻlishi mumkin. Bunday ostonalardan hatlash uchun faqat xizmat vakolatining oʻzi kamlik qiladi. Asosiysi, inson qalbini tushunish, vaziyatga xolis baho berish va doʻstona koʻmak koʻrsata bilishdir.
— Oila — har bir inson uchun baxt qoʻrgʻoni, huzur-halovat topadigan muqaddas maskan, — deydi lavhamiz qahramoni. — Unda mehr boʻlsa, tashvishlar chekinadi, munosabatlarda oʻzaro hurmat ustunlik qilsa, qiyinchiliklarni yengish osonlashadi. Biroq munosabatlarga darz ketsa, tazyiq yoki zoʻravonlik yuzaga kelsa, ana shu qoʻrgʻonning devorlari ham nuray boshlaydi.
Darvoqe, M. Mansurovaning baxti shundaki, turmush oʻrtogʻi ham shu sohada xizmat qiladi. Safdor Muslimbek Oʻngalov viloyat IIB JXX JTSB PPX batalyoni patrul-post xizmati inspektori. Ularning shiringina qizalogʻi bor. Qaynona-qaynotasi Ozoda opa va Islombek aka har tong ularni duo qilib ishga kuzatar ekan, kechda ishdan chehrasida mamnunlik ila qaytishlarini kutishadi.
Safdor Muslimbek Oʻngalov qasamyodiga sodiq holda el-yurt osoyishtaligi yoʻlida xizmat olib borar ekan, faoliyatida qanchalik charchoq sezmasin, uyda uni qoʻllab-quvvatlaydigan hamkasb hamda oqila rafiqasi, duogoʻy ota-onasi borligini oʻylab, barcha mashaqqatlarni unutadi. Chunki bu oilada mehr-oqibat, oʻzaro ishonch va hurmat ustuvor.
Ularning eng katta orzusi — el-yurt koriga yaraydigan, oilasiga suyanch boʻladigan insonlar boʻlib yashash, ezgu amallari bilan atrofdagilar mehrini, hurmatini qozonishdir. Zero, xalq xizmatiga bagʻishlangan umrning qadri oila mehri bilan, oila baxtining fayzi esa elga manfaat keltiradigan xayrli ishlar bilan yanada ortadi.
© «Postda» gazetasi, Umida Mamadaliyeva, Samarqand viloyati.
