Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Xitoy jamoat xavfsizligi professor-oʻqituvchilari va kursantlari uchun tashkil etilgan oʻquv kursi yakunlandi
2026-10-31 10:00:00 / Yangiliklar

Oʻquv kursi davomida professor-oʻqituvchilarimiz tomonidan yurtimizning boy tarixi va madaniyati, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, strategik taraqqiyot yoʻlimizning asosiy yoʻnalishlari, global makonda Oʻzbekiston – Xitoy munosabatlarining ustuvor jihatlari, shuningdek bugungi murakkab sharoitda yuzaga kelayotgan tahdid va xatarlar, jinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy tendensiyalariga bagʻishlangan mashgʻulotlar tashkil qilindi.
Bundan tashqari, universitet vakillari ichki ishlar organlari faoliyati bilan yaqindan tanishib, jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, xavfsiz turizmni yoʻlga qoʻyishda qoʻllanilayotgan ilgʻor yondashuvlarni oʻrgandilar. Madaniy-maʼrifiy va sport tadbirlari, poytaxtimiz hamda Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat xalqlarimiz oʻrtasidagi mushtarak aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Oʻquv kursi yakunlari munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda akademiya boshligʻi Rustam Xatamov soʻz olib, hamkorlik memorandumi asosida tashkil etilayotgan qoʻshma taʼlim dasturlari oʻqitishning innovatsion yondashuvlarini oʻrganish, tajriba almashinuvini kengaytirish, ikki tomonlama aloqalarni sifat jihatdan boyitishda muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida taʼkidladi.
Oʻz navbatida, Xitoy delegatsiyasi rahbari Liu Yezi ikki xalq oʻrtasidagi munosabatlar oʻzaro hurmat va ishonch tamoyillariga tayangan holda barqaror rivojlanib borayotganini eʼtirof etdi. Manfaatli aloqalarning yangi bosqichga koʻtarilishi va istiqbolli yoʻnalishlarda yanada ravnaq topishidan mamnunligini aytib oʻtdi.
Tadbir soʻngida mehmonlarga oʻquv kursini muvaffaqiyatli tamomlaganliklari toʻgʻrisidagi sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati






