"Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi" doirasida hamkorlikdagi vazifalar belgilab olindi
2026-10-31 10:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 1–30-noyabr kunlari respublika boʻylab oʻtkaziladigan «Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi»ni yuqori saviyada tashkil etish, belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash hamda aholi oʻrtasida kibermadaniyatni yuksaltirish maqsadida hamkor vazirlik va idoralar, hokimliklar, banklar hamda agentliklar vakillari ishtirokida seminar oʻtkazildi.
Seminarda oylik doirasida amalga oshiriladigan targʻibot-tashviqot tadbirlarining asosiy yoʻnalishlari, aholi oʻrtasida kibergigiyena koʻnikmalarini shakllantirish, internet tarmogʻidagi mavjud tahdidlardan ogohlikni oshirish hamda kiberjinoyatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, respublika boʻylab keng qamrovli targʻibot tadbirlarini oʻtkazish, aholining turli qatlamlarini qamrab olish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali profilaktik materiallarni keng yoritish hamda hamkor idoralar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir yakunida «Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi»ni yuqori saviyada oʻtkazish, belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish hamda amalga oshiriladigan ishlar samaradorligini taʼminlash yuzasidan masʼul idora va tashkilotlarning vazifalari belgilab olindi.
Mazkur oylik aholining kiberxavfsizlik borasidagi bilimlarini oshirish, kibergigiyena koʻnikmalarini mustahkamlash va kiberjinoyatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti






