IIV xodimlari uchun kiberxavfsizlik va xizmat intizomi boʻyicha oʻquv seminari oʻtkazildi
2026-10-31 10:00:00 / Yangiliklar

IIV ishchi guruhi tomonidan Jizzax shahar va Sharof Rashidov tumani IIB shaxsiy tarkibi hamda barcha sohaviy xizmatlar xodimlari uchun oʻquv-amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbirda kiberxavfsizlikni taʼminlash, internetdan xavfsiz foydalanish va kiberjinoyatlardan himoyalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, seminar davomida xizmat faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishda shaxsiy maʼlumotlar va xizmatga oid axborotlarning maxfiyligini saqlash, shubhali havolalarga kirmaslik, nomaʼlum manbalardan kelgan fayllarni ochmaslik hamda turli kibertahdidlarga nisbatan ogoh va hushyor boʻlish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, xodimlarning internet makonidagi faoliyati, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati, xizmat obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlarning oldini olish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, xodimlarga qonun ustuvorligini taʼminlash, xizmat intizomi va odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya etish hamda fuqarolar bilan muomalada xushmuomala boʻlish zarurligi tushuntirildi.
Ishtirokchilarga xizmat vazifalarini bajarishda masʼuliyat va shaxsiy namuna koʻrsatish har bir xodimning muhim burchi ekanligi alohida taʼkidlandi.
IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti Axborot xizmati









