Oʻzbekiston va Singapur huquqni muhofaza qiluvchi organlari oʻrtasida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-10-29 20:50:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 28-oktyabr kuni IIV Akademiyasi binosida Singapur politsiya kuchlarining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va axborot xavfsizligi sohalarida faoliyat yurituvchi mutaxassislari hamda IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakillari oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Tadbirda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilgʻor xalqaro tajriba almashish hamda transchegaraviy xususiyatga ega kiberjinoyatlarni aniqlash va tergov qilishda amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, muloqot davomida ikki davlat fuqarolarining kiberjinoyatlar natijasida buzilgan mulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jinoiy yoʻl bilan qoʻlga kiritilgan mablagʻlarni aniqlash, ularning harakatini kuzatish hamda yetkazilgan moddiy zararni qoplashga koʻmaklashish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish, axborot va tajriba almashish mexanizmlarini takomillashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirishga qaratilgan qoʻshma tadbirlar koʻlamini kengaytirish hamda ikki davlatning vakolatli organlari oʻrtasidagi amaliy aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligini taʼkidladilar.


