Tanlov. Munosiblar eʼtirof etildi
2026-10-28 23:00:00 / Yangiliklar

Abdulla Qodiriy memorial muzeyida oʻtkazilgan tanlovda saralash bosqichlarida muvaffaqiyatli qatnashib, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan hududiy ichki ishlar organlari boshliqlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari ishtirok etdi.
Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslarda ishtirokchilarning maʼnaviy-maʼrifiy bilimlari, davlat boshqaruvi sohasidagi salohiyati, jismoniy va jangovar tayyorgarligi sinovdan oʻtdi.
Shuningdek, ularning shaxsiy tarkib bilan ishlashdagi ilgʻor tajribasi, xizmat intizomini mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlari va targʻibot faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Tanlovning taqdirlash marosimida ishtirok etgan ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Diyorbek Sattarov xodimlarning dunyoqarashi va maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish ustuvor vazifa ekanini alohida taʼkidladi.
Xususan, «Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish — oliy burchimiz!» gʻoyasini har bir xodimning hayotiy eʼtiqodiga aylantirish, ularda ichki ishlar organlari safida xizmat qilayotganidan faxrlanish tuygʻusini kuchaytirish muhimligini qayd etdi.
Yakuniy natijalarga koʻra, faxrli birinchi oʻrin Buvayda tumani IIB boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, podpolkovnik Iqboljon Abdullayevga nasib etdi.
Ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni Chilonzor tumani IIO FMB boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, polkovnik Noʻmonjon Yunusov va Guliston tumani IIB boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, kapitan Xurshid Muqumov band etishdi.
«Bugun yurtimizda ichki ishlar organlari xodimlari xizmat burchini yuqori saviyada bajarishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Faqatgina qalbda vatanparvarlik tuygʻusi va fidoyilik bilan mehnat qilishimiz talab etiladi.
Men bor kuch-gʻayratimni ona Vatanimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli va masʼuliyatli ishga baxshida etayotganimdan faxrlanaman», — deydi podpolkovnik Iqboljon Abdullayev.
Taʼkidlash joizki, bu kabi tanlovlar ichki ishlar organlarida ilgʻor ish tajribalarini ommalashtirish, maʼnaviy-maʼrifiy jarayonlarning taʼsirchanligini oshirish hamda milliy gʻurur va Vatanga sadoqatni oʻz faoliyatining bosh mezoniga aylantirgan fidoyi xodimlarni ragʻbatlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
© «Postda» gazetasi, Gulnoza Turgʻunboyeva
