Ona tilidan — milliy gʻururga, milliy gʻururdan — sadoqatli xizmatga: Ichki ishlar vazirligida ona tiliga ehtirom, burchga masʼuliyat va Vatanga sadoqat ruhida navbatdagi maʼnaviyat va maʼrifat soati oʻtkazildi
2026-10-26 22:05:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida markaziy apparat shaxsiy tarkibi ishtirokida ona tilimizning milliy oʻzlikni anglashdagi oʻrni hamda xodimlarda burch, sharaf va sadoqat tuygʻularini mustahkamlashga bagʻishlangan navbatdagi maʼnaviyat va maʼrifat darsi oʻtkazildi.
Tadbirda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, siyosiy fanlar doktori, professor, Sherzodxon Qudratxoʻja maʼruza qildi.
Dastlab 21-oktyabr — Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan ona tilimizning tarixi, milliy maʼnaviyatimiz va davlatchiligimiz taraqqiyotidagi ahamiyati xususida soʻz yuritildi.
Xususan, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy davridan bugungi kungacha oʻzbek tilining rivojlanish bosqichlari, uning asrlar davomida boyib, sayqallanib borgani hamda 1989-yil 21-oktyabrda davlat tili maqomiga ega boʻlishining tarixiy ahamiyati yoritildi.
Mashgʻulotning keyingi qismi ichki ishlar organlari xodimlarida «Burch, sharaf, sadoqat» tamoyillarini shakllantirish va mustahkamlash masalalariga bagʻishlandi.
Maʼruzada burch xalq osoyishtaligi va qonun ustuvorligini taʼminlash yoʻlidagi masʼuliyat, sharaf kasb shaʼni va fuqarolar ishonchini asrash, sadoqat esa Vatanga, xalqqa va xizmat qasamyodiga vafodorlik ekani taʼkidlandi.
Shuningdek, milliy qadriyatlarga hurmat, yuksak muomala madaniyati, halollik va adolatparvarlik har bir xodimning kasbiy va maʼnaviy qiyofasini belgilaydigan muhim fazilatlar ekani qayd etildi.
Tadbir davomida mamlakatimizda hafta mobaynida roʻy bergan muhim siyosiy-ijtimoiy voqealarga bagʻishlangan videolavha ham namoyish etildi.
Mazkur maʼrifiy uchrashuv shaxsiy tarkibning maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish, milliy gʻurur, Vatanga daxldorlik va xizmat burchiga masʼuliyat tuygʻularini mustahkamlashga xizmat qildi.






