Ichki ishlar organlari tashkil etilganligining 35 yillik sharafli yubileyi: El-yurt tinchligi – eng yuksak qadr
2026-10-25 08:00:00 / Yangiliklar

Xalqaro Forumlar saroyining kirish yoʻlaklari bugun oʻzgacha, tantanavor qiyofaga keltirilgan. Bu yerda oʻrta asrlar, buyuk Amir Temur saltanati davridan tortib to hozirgi kungacha boʻlgan uzoq tarixiy yoʻlni qamrab olgan sarbozlar, mirshablar, sobiq Ittifoq militsiya tizimi vakillari hamda Yangi Oʻzbekiston Ichki ishlar organlari xodimlari mehmonlarni yuksak hurmat va qutlugʻlik bilan kutib olmoqda.
Bugun — Ichki ishlar vazirligi tashkil etilganligiga oʻttiz besh yil toʻlgan qutlugʻ sana. Mamlakatimiz xavfsizligi va osoyishtaligini taʼminlashda ajralmas oʻrin tutuvchi Ichki ishlar organlarining oʻttiz besh yillik sharafli tarixi shu kunning asosiy mazmunini tashkil etadi. Shu muborak sana sharafiga Xalqaro Forumlar saroyida oʻtkazilgan bayram tadbiri yuksak tayyorgarlik va teran maʼnaviy-mafkuraviy ruhda tashkil etildi.
Binoning kirish qismida joylashtirilgan koʻrgazma namoyishlari bir necha yoʻnalishni chuqur qamrab oldi. “IIV taʼlim muassasalari: kecha va bugun” hamda “Yangi Oʻzbekiston — yangi ichki ishlar organlari” nomli foto va videokoʻrgazmalarda tashrif buyuruvchilar tizimning uzoq oʻtmishi, tarixiy bosqichlari va hozirgi kundagi keng koʻlamli islohotlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldilar. Koʻrgazmalarda ichki ishlar organlarining mustaqillik yillaridagi shakllanish jarayonlari hamda Yangi Oʻzbekiston sharoitidagi zamonaviy, professional va xalqchil Ichki ishlar organlarining faoliyati izchil va chuqur aks ettirilgan.
Bundan tashqari, Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati, Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Ekspert-kriminalistika, Jamoat tartibini saqlash va Qoʻriqlash xizmatlari uchun ajratilgan maxsus joylarda oldingi davrlar va zamonaviy maxsus anjomlar, eng ilgʻor maxsus texnikalar, xizmat avtomobillari hamda har bir xizmatning oʻziga xos faoliyatini namoyish etuvchi koʻrgazmali chiqishlar taqdim etildi. Bu namoyishlar Ichki ishlar organlarining oʻttiz besh yillik rivojlanish yoʻlini, uning har bir bosqichidagi masʼuliyat va hikmatni yorqin ifoda etdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamenti rahbari — Prezident matbuot kotibi Sherzod Ikromovich Asadov bugun, 25-oktyabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tizim xodimlari va faxriylariga yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.
Prezident tabrigida ichki ishlar organlari xodimlarining mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jamoat xavfsizligini saqlash hamda xalq manfaatlariga xizmat qilish borasidagi fidokorona mehnati alohida eʼtirof etildi. Tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish va aholi bilan hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ishlar taʼkidlandi.Davlat rahbarining samimiy tilaklari va yuksak eʼtirofi zaldagi barcha ishtirokchilar tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi.
Shuningdek, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini taʼminlash va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish borasida ichki ishlar organlari oldiga muhim vazifalar qoʻyildi. Soha faoliyati samaradorligini yanada oshirish, xalq bilan hamkorlikni mustahkamlash va har bir xodimning xizmat burchiga sadoqatini yuksaltirish ustuvor vazifalardan ekani taʼkidlandi.
Davlat rahbarining samimiy tilaklari va yuksak eʼtirofi zaldagi barcha ishtirokchilar tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi.
Tadbirning badiiy qismida el ardogʻidagi sanʼatkorlarning ona Vatan madhida kuylagan taronalari yangradi. Ichki ishlar organlari xodimlarining xavfli, masʼuliyatli va shu bilan birga shonli faoliyatlari yuksak badiiy ifodada tarannum etildi. IIV Madaniyat saroyi sanʼatkorlari ishtirokida teatrlashtirilgan sahnalar asosida yaratilgan kompozitsiyalar vatan himoyachisining hayotiy va maʼnaviy obrazini chuqur ifoda etdi.
Bayram dasturi yakunlangach Toshkent osmonida dronlar koʻrinish berdi. Oʻtkazilgan zamonaviy dron-shou poytaxt hududida bayram kuni ham uzluksiz xizmat olib borayotgan Ichki ishlar organlari xodimlariga yuksak ruhiy koʻtarinkilik va qutlugʻ kayfiyat bagʻishladi.









