25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi tashkil etilganligining 35 yilligi munosabati bilan Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatovning bayram tabrigi
2026-10-24 20:10:00 / Yangiliklar

Hurmatli hamkasblar!
Muhtaram faxriylar!
Sizlarni va oila aʼzolaringizni barchamiz uchun qadrli va ulugʻ anʼanaga aylangan kasb bayrami – 25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tashkil etilganligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.
Bugun mamlakatimizda tinchlikni koʻz qorachigʻidek asrab, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashdek masʼuliyatli hamda sharafli vazifaga oʻz hayotini bagʻishlab kelayotgan barcha fidoyi xodimlarimizga, harbiy xizmatchilarga, taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va tinglovchi-kursantlari hamda faxriylarga oʻzimning chuqur minnatdorligimni bildiraman.
El-yurt osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida butun kuch-gʻayratini safarbar etib, hayotini xavf ostiga qoʻygan holda xizmat burchini bajarish chogʻida mardlarcha halok boʻlgan jasur hamkasblarimizning yorqin xotirasi qalbimizdan aslo oʻchmaydi.
Ularning oila aʼzolariga doimo hurmat va ehtirom koʻrsatish biz uchun ham qarz, ham farzdir!
Bugungi kunda zamon talablariga javob beradigan, xalqchil va professional tizimni shakllantirish – oldimizdagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Oʻtgan 35 yillik davr – tarix uchun juda qisqa, lekin ushbu davrda asrga tatigulik ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirildi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbuslari bilan soʻnggi oʻn yilda ichki ishlar organlari tubdan isloh qilindi.
Xususan:
– ichki ishlar organlarining tuzilmasi zamonaviy tahdidlardan kelib chiqib maqbullashtirildi, mustaqil departamentlarga birlashtirilib, markazlashtirilgan boshqaruv tizimi yaratildi;
– ichki ishlar organlarining xizmat faoliyati sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilib, bevosita aholiga yaqinlashtirildi va fuqarolarning haqhuquqlarini himoya qilish xodimlarning kundalik faoliyatidagi birinchi galdagi vazifasiga aylandi;
– jinoyatning oqibati bilan kurashish emas, balki uni barvaqt oldini olishga hamda mahallalarda “xavfsiz muhit” yaratishga asosiy eʼtibor qaratildi;
– mahallalar toifalarga ajratilib, kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarga masʼul rahbarlar biriktirildi va ularning shaxsiy javobgarligi oshirildi;
– oilaviy-maishiy nizolar, xotin-qizlar va yoshlar oʻrtasidagi huquqbuzarliklar ilmiy nuqtai nazardan chuqur tahlil qilinib, xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasini oʻrgangan holda barvaqt profilaktikasini tashkil etish boʻyicha metodikasini yaratish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi;
– huquqbuzarlik sabab va omillarini joyida barvaqt aniqlab, “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda bartaraf etish tizimi yanada kuchaytirildi;
– jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻlinmalari yangicha ishlash tizimiga oʻtkazilib, kelgusida har bir xodim hududidan qatʼi nazar, fuqarolar murojaatiga tezkor munosabat bildirishi belgilandi;
– jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqot yoʻlga qoʻyilib, aholi murojaatlari “Mening inspektorim” ilovasi orqali real vaqtda qabul qilinib, ularning ijrosi oʻz vaqtida va sifatli taʼminlanishi raqamli nazoratga olindi;
– tungi vaqtda jamoat xavfsizligini taʼminlash faoliyati kuchaytirilib, boʻlinma rahbarlarining tungi xizmatni tashkil etish boʻyicha masʼulligi ikki karra oshirildi.
Natijada, fuqarolarimiz va yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlarimizning haq-huquqlari hamda xavfsizligi toʻliq taʼminlanishiga erishildi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida, “Yangi Oʻzbekistonda – Yangi ichki ishlar organlari” har tomonlama takomillashib, rivojlangan davlatlarning politsiyasi bilan raqobatlasha oladigan, kerak boʻlsa namuna boʻladigan professional tuzilmaga aylandi.
Ayni chogʻda mamlakatimizda hukm surayotgan tinch-osoyishta, farovon hayot uchun cheksiz shukronalik tuygʻusi har birimizning qalbimizni gʻururga toʻldiradi.
Bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonda muhtaram Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan barcha islohot va oʻzgarishlar – inson qadrini yuksaltirish uchun degan ezgu tamoyil amalda oʻzining yorqin ifodasini topmoqda.
Davlatimiz rahbarining: “Xalqimiz hayotini yanada osoyishta va fayzli qilishga qaratilgan harakatlar bundan buyon ham ustuvor darajada izchillik bilan davom ettirilishi, ichki ishlar xodimlarining mehnatini munosib qadrlash, zamonaviy ish sharoitlari bilan taʼminlash, malakali kadrlar tayyorlash masalalari doimo eʼtibor markazida boʻladi”, degan soʻzlari bizga ulkan kuch berishi bilan birga, yuksak masʼuliyat yuklaydi.
Bu ishonch har bir xodimdan qonun ustuvorligini taʼminlash, xizmat vazifalariga vijdonan yondashishni hamda el-yurt oldidagi muqaddas burchini chuqur anglashni talab etadi.
Fursatdan foydalanib, barchangizni bayram bilan yana bir bor tabriklab, jamiyatimizda qonuniylikni mustahkamlash, osoyishtalikni koʻz qorachigʻidek asrash yoʻlidagi masʼuliyatli faoliyatingizda mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt va ulkan zafarlar tilayman.
Mustaqilligimiz abadiy, Vatanimiz tinch, xalqimiz omon, ichki ishlar organlarining sharafli xizmati hamisha yuksak boʻlsin! Ichki ishlar organlarining 35 yillik qutlugʻ bayrami muborak boʻlsin!
Vazir general-leytenant A. Tashpulatov
