Tinchlik va osudalik qalqoni: Ichki ishlar organlarining 35 yillik jasoratli xizmati eʼtirofi
2026-10-24 18:30:00 / Yangiliklar

Vatan taraqqiyotini taʼminlashda tinchlik va osudalikning oʻrni beqiyos. Yangi Oʻzbekistonning yuksak taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish va jamiyatda barqaror muhitni saqlashdek sharafli burchni bajarayotgan ichki ishlar organlari xodimlari har yili 25-oktyabr kuni kasb bayramlarini nishonlaydilar.
Mustaqil Oʻzbekiston Ichki ishlar organlarining tashkil etilganligini 35-yilligi munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida boʻlib oʻtgan tantanali tadbirda vazirlik rahbariyati va shaxsiy tarkibi, mamlakatimizdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, xizmat vaqtida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolari hamda faxriylar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov Davlatimiz rahbarining sohani yanada rivojlantirish boʻyicha olib borayotgan keng qamrovli islohotlarini eʼtirof etdi. Yaratilgan sharoitlar va bildirilgan ishonchga munosib xizmat qilish tizimdagi har bir xodimning asosiy vazifasi ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlash yoʻlida, tahlikali vaziyatlarda oʻz postida sobit turgan va yurt tinchligiga raxna solgan dushmanlarga koʻksini qalqon qilgan xodimlarning yorqin xotirasi yod etildi.
Vazir soʻnggi oʻn yilda tizimda erishilgan ulkan muvaffaqiyatlarga alohida toʻxtalib, huquqiy, tashkiliy, kadrlar tayyorlash, profilaktika, jamoat xavfsizligi, raqamlashtirish, yoʻl harakati xavfsizligi va jamoatchilik bilan hamkorlik sohalaridagi keng koʻlamli oʻzgarishlar xalqimiz uchun qulay sharoitlar yaratishda muhim omil boʻlayotganligini qayd etdi.
Taʼkidlanganidek, Yurtboshimiz tashabbusi bilan tizim faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan 82 ta qonun, 26 ta Farmon, 70 ta qaror va Hukumatning 180 ta qarori qabul qilindi. Natijada “Yangi Oʻzbekistonda – Yangi ichki ishlar organlari” rivojlangan davlatlar politsiyalari bilan raqobatlasha oladigan tuzilmaga aylanmoqda.
Jinoyatchilikning oldini olish tizimi tubdan oʻzgartirilib, profilaktika ishlari mahalla darajasiga tushirildi. Har bir mahalla, oila va shaxs kesimida ishlash, mahallalarni kriminogen vaziyatga qarab toifalarga ajratish hamda kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarga masʼul rahbarlarni biriktirish amaliyoti joriy etildi.
Endilikda har bir xodimning jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha masʼuliyati oshirildi va yangicha ishlash tizimi yaratildi. Buning natijasida fuqarolarning murojaatiga tezkor munosabat bildirish, aholi bilan bevosita va ochiq muloqot qilish, huquqbuzarlikning sabab va omillarini joyida barvaqt aniqlab, bartaraf etishga erishildi. Islohotlar tufayli ichki ishlar organlari aholiga ochiq, hisobdor va xalqchil tizimga aylandi.
Tizim zamonaviy talablarga mos ravishda raqamlashtirildi va takomillashtirildi. Agar 2016-yilda ichki ishlar organlari faoliyatida atigi 6 ta axborot tizimi mavjud boʻlgan boʻlsa, bugun ularning soni 62 taga yetkazilib, shundan 43 tasi amaliyotga joriy etildi. Vazirlik tomonidan koʻrsatilayotgan 60 ta davlat xizmatining 55 tasi toʻliq raqamli shaklda taqdim etilmoqda. Barcha hujjatlar aylanmasi ham raqamli shaklga oʻtkazildi.
Mazkur yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar natijasida joriy yilda xalqaro ekspertlar tomonidan alohida eʼtirof etilib, respublikadagi 40 ta vazirlik va idoralar orasidan Ichki ishlar vazirligi davlat xizmatlari koʻrsatish yoʻnalishida “Eng yaxshi vazirlik” sifatida taqdirlandi. Raqamlashtirish reytingida 2023-yildagi 31-oʻrindan 5-oʻringa, axborot xavfsizligi reytingida esa 51-oʻrindan 1-oʻringa koʻtarildi.
Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish boʻyicha ijobiy amaliyot shakllandi. Joriy yilning 9 oyida respublikada oldini olinadigan jinoyatlar 4 mingtaga (14 foizga) kamaydi, xodimlar tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar 7 mingtaga (31 foizga) oshdi. 4 380 ta mahallada jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmay, ular “yashil” toifaga oʻtkazildi.
“Mustaqilligimizning 35 yilligi” bilan bir qatorda nishonlanayotgan ushbu qutlugʻ sana xizmat burchini hayotining mazmuniga aylantirgan, kechayu kunduz el-yurt osoyishtaligi yoʻlida mardona mehnat qilayotgan har bir xodimning bayramidir. Ularning mashaqqatli xizmatiga yelkadosh boʻlib kelayotgan ota-onalari, turmush oʻrtoqlari va oila aʼzolariga ham samimiy minnatdorlik bildirildi.
Tadbirda mamlakatimiz ichki ishlar organlaridagi koʻp yillik samarali xizmati, yurtimizda jamoat xavfsizligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qoʻshgan munosib hissasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish yoʻlidagi ibratli faoliyati, oʻz burchini sharaf va masʼuliyat bilan ado etib, mardlik va jasorat namunasini koʻrsatib kelayotgani, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash ishlaridagi faol ishtiroki, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining oʻttiz besh yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan taqdirlangan xodimlarga, Davlat mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Shundan soʻng bayram munosabati bilan taqdirlangan bir qator xodimlarga idoraviy mukofotlar va unvonlar berish boʻyicha buyruq oʻqib eshittirildi.
Ichki ishlar vaziri har bir ragʻbatlantirilgan xodimga mukofotlarni topshirdi. Ularning Vatanga sadoqati aks etgan qasamlari Madaniyat saroyi uzra jarang soldi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizligi xizmati, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Mahallalar uyushmasi rahbariyati ham soʻzga chiqib, ichki ishlar vazirligi xodimlarini bayram bilan muborakbod etdilar.
Yakunda bayram tadbiri ishtirokchilariga koʻtarinki kayfiyat ulashuvchi konsert dasturi taqdim etildi. Vazirlik Madaniyat saroyi xonandalari Vatan va tinchlik targʻibi bilan dillarni xushnud etdilar.









