Ostona shahrida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Qoʻshma komissiyaning 29-yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-10-24 13:15:00 / Yangiliklar

22-oktyabr kuni Ostona shahrida MDHga aʼzo davlatlarning noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamkorligi toʻgʻrisidagi bitim ishtirokchilari Qoʻshma komissiyasining 29-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV delegatsiyasiga Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Mirzakambarov rahbarlik qildi.
Yigʻilishda Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya va Tojikiston vakillari, shuningdek, Moliyaviy razvedka boʻlinmalari rahbarlari kengashi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Ijroiya qoʻmitasi vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilish davomida MDHga aʼzo davlatlarning vakolatli organlari oʻrtasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.
Jumladan, noqonuniy migratsiya bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini olish va ularni aniqlash, xorijiy fuqarolar hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shu jumladan, oliy taʼlim muassasalarida tahsil olish uchun kelgan shaxslar tomonidan sodir etilishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklar profilaktikasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, tajriba almashish hamda migratsiya oqimlarini nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirishda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, oʻtgan davr mobaynida amalga oshirilgan hamkorlik natijalari sarhisob qilinib, Qoʻshma komissiyaning 2027-yilga moʻljallangan ish rejasi koʻrib chiqildi.
Yigʻilish yakunlari boʻyicha tegishli bayonnoma imzolandi.



