Buxoro viloyati IIB boshligʻi Gʻijduvon tuman IIBda olib borilayotgan qurilish va taʼmirlash ishlarini koʻzdan kechirdi
2026-10-21 15:25:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Gʻijduvon tumanida boʻlib, soha faoliyatini samarali tashkil etish, aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyish hamda shaxsiy tarkib uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida viloyat IIB boshligʻi fuqarolar bilan samimiy va ochiq muloqot oʻtkazdi. Muloqot chogʻida hududda jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʻz yuritildi. Boshqarma boshligʻi aholining ichki ishlar organlari faoliyatiga boʻlgan munosabati, taklif hamda eʼtirozlarini tinglab, har bir murojaat ortida inson taqdiri va jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlashdek masʼuliyatli vazifa turganini alohida taʼkidladi.
Shundan soʻng, viloyat IIB boshligʻi Gʻijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasida olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish, bino hamda xizmat xonalarini zamonaviy andozalar asosida taʼmirlash ishlari jarayonini koʻzdan kechirdi. Xodimlarning kunlik xizmat olib borishi, fuqarolarga tezkor va sifatli xizmat koʻrsatishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarni atroflicha oʻrganib, masʼullarga qurilish-taʼmirlash ishlarini sifatli yakunlash va xizmat intizomini yanada oshirish boʻyicha aniq topshiriq hamda tavsiyalar berdi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati




