21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatovning bayram tabrigi
2026-10-21 21:20:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilarini, soha faxriylari hamda barcha yurtdoshlarimizni 21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Ona tilimiz – millatimizning maʼnaviy qiyofasi, oʻzligimiz va bebaho merosimizning yorqin ifodasidir. Asrlar davomida xalqimizning boy tarixi, urf-odatlari hamda ezgu qadriyatlarini oʻzida mujassam etib kelayotgan ona tilimiz milliy gʻururimiz timsoli hisoblanadi. Uning davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, sofligi va jozibadorligini asrab-avaylab, kelajak avlodlarga betakror meros sifatida yetkazish – har birimizning muqaddas burchimizdir. Zero, tilga ehtirom – elga ehtirom, ona tiliga sadoqat esa Vatanga sadoqatning ifodasidir.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev taʼkidlaganidek, oʻzbek tilining mavqeini oshirish, uning xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish hamda jamiyat hayotining barcha sohalarida keng qoʻllanilishini taʼminlash eng ustuvor vazifalarimizdandir.
Bugungi kunda ona tilimizni asrab-avaylash, uning cheksiz imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda yosh avlod qalbida milliy qadriyatlarimizga nisbatan muhabbat tuygʻusini yuksaltirish yoʻlidagi saʼy-harakatlar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, ichki ishlar organlari faoliyatida davlat tili meʼyorlariga rioya etish, rasmiy ish yuritish madaniyatini oshirish hamda aholi bilan muloqotda adabiy til qoidalariga qatʼiy amal qilish muhim oʻrin tutadi.
Ishonchim komilki, tilimizga boʻlgan hurmat va eʼtiborni kuchaytirish, uning boyligi hamda goʻzalligini keng targʻib etish orqali milliy oʻzligimiz, maʼnaviy birligimiz va vatanparvarlik tuygʻularimizni yanada yuksaltiramiz.
Ushbu qutlugʻ ayyom munosabati bilan barchangizga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt-saodat va xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligi yoʻlidagi sharafli hamda masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar yor boʻlsin.
Davlat tilimiz xalqimizning milliy gʻururi va maʼnaviy boyligi sifatida hamisha yuksak qadr topsin! Ona tilimiz taraqqiyoti, milliy oʻzligimiz va birligimiz yoʻlidagi ezgu ishlarimiz bardavom boʻlsin!
Vazir general-leytenant A. Tashpulatov
