Buxoro viloyatida tergovchilar va yosh mutaxassislar uchun ekspert-kriminalistika boʻyicha oʻquv seminari oʻtkazildi
2026-10-21 10:20:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazida prokuratura organlarining tergovchilari, ish oʻrganuvchilari va yosh mutaxassislari ishtirokida maxsus oʻquv seminari tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga markazning zamonaviy imkoniyatlari, ekspert-kriminalistlar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hamda ekspertiza turlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, ushbu tadqiqotlarning jinoyatlarni fosh etish va tergov harakatlarini samarali tashkil etishdagi muhim ahamiyati tushuntirildi.
Seminar doirasida «Ford Transit» rusumli koʻchma kriminalistik laboratoriyasi namoyish etilib, ishtirokchilar hodisa joyida dalillarni aniqlash, qayd etish, olish va saqlashda qoʻllaniladigan zamonaviy texnik vositalar hamda maxsus uskunalar bilan yaqindan tanishtirildi.
Mashgʻulotlar jarayonida mutaxassislar bilan hamkorlikda ish olib borish, dalillarni xolis va ilmiy asosda tekshirilishini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mazkur tadbir tergov organlari va ekspert-kriminalistika xizmati oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga, xodimlarning kasbiy bilim hamda koʻnikmalarini oshirishga, shuningdek, jinoyatlarni fosh etishda zamonaviy kriminalistik imkoniyatlardan samarali foydalanishga xizmat qiladi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









