«Qoraqalpogʻiston» posyolkasi: Chekka hududning katta masʼuliyati
2026-10-21 03:25:00 / Yangiliklar

Mamlakatimiz shimolidagi eng chekka hududlardan biri «Qoraqalpog‘iston» posyolkasi Qo‘ng‘irot tumani markazidan 320 kilometr, poytaxt Nukusdan esa taxminan 460 kilometr uzoqda joylashgan.
Ustyurt kengliklaridagi ushbu zaminning betakror tabiati va chegaraoldi joylashuvi uning aholisi zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi. Chunki mazkur hudud Qozog‘iston va Turkmaniston bilan chegaradosh bo‘lib, bu yerdagi «Dauit ata» chegara avtoposti ham hududning strategik ahamiyatini belgilab turadi.
«Qoraqalpog‘iston» posyolka fuqarolar yig‘ini 1969-yilda tashkil etilgan, yer maydoni 128,7 gektarga teng. Bugungi kunda posyolkada 762 ta xonadon bo‘lib, ularda 3100 dan ortiq aholi - qozoq, qoraqalpoq, o'zbek, tatar, rus va koreys millatiga mansub fuqarolar ahil-inoq, tinch-totuv hayot kechirib kelmoqda.
- Albatta, bunday olis masofada yashovchi aholi uchun kundalik hayot, ijtimoiy xizmatlar va infratuzilmani rivojlantirish masalalari juda muhim, - deydi PFY raisi Qutli Qoshimbetova. - 2018-yilda hududimiz «Obod qishloq» davlat dasturiga kiritilib, qurilish va rekonstruksiya ishlari natijasida juda katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xususan, ikkita maktabgacha ta’lim tashkiloti, ikkita umumta’lim maktabi, oilaviy poliklinika, madaniyat saroyi, «Berdaq bobo» masjidi zamonaviy ta’mirlanib, yangi jihozlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, joriy yilda hududda tug‘uruqxona foydalanishga topshirilgani aholi uchun yaratilgan katta qulayliklardan biri bo‘ldi. Bundan tashqari, bu yerdagi kompressor stansiyasi va temiryo‘l korxonasi aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilib kelmoqda.
Chegaraoldi hududida joylashgan har qanday maskanda jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash alohida e’tiborni talab etadi. Sababi, keng dashtlar va aholi punktlarining bir-biridan uzoqligi vazifalarning mas’uliyatini yanada oshiradi.
«Qoraqalpog‘iston» PFY hududida Qo‘ng‘irot tumani ichki ishlar bo‘limi 3-sonli IIB faoliyat yuritadi. Uning xodimlari zimmalariga yuklatilgan muhim vazifalarning uddasidan chiqib kelmoqda. Tinchlik va osoyishtalik esa nafaqat huquq-tartibot idoralari faoliyati, balki aholining hamjihatligi, qonunlarga hurmati va jamoatchilikning faolligi bilan ham mustahkamlanib boradi.
- Joriy yilda profilaktika inspektori tomonidan huquqbuzarliklar yuzasidan 150 ga yaqin holat yuzasidan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan bo‘lsa, hududda bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi, - deydi 3-sonli IIB boshlig‘i, mayor Artur Daujanov. Tegishli idoralar, faollar bilan hamkorlikdagi ishlarimiz natijasida hudud deyarli uch yildan buyon «yashil» toifada bo‘lib kelmoqda. O‘rnatilgan videokuzatuv kamerasi bu joylardagi holatni real kuzatib borish imkonini bermoqda. Shuningdek, reja asosida xodimlarimiz Milliy gvardiya, Chegara qo‘shinlari bilan hamkorlikda aholi orasida profilaktik targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazib keladi.
Darhaqiqat, Ustyurtning olis kengliklarida osoyishta hayotni ta’minlash katta mas’uliyat va fidoyilik talab etadi. Bu yo‘lda huquq-tartibot posbonlarining hushyorligi, aholi bilan hamjihatligi va qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlari Vatanga sadoqatning amaliy ifodasidir.
Azamat PIRNIYAZOV
