21-oktyabr — Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan Sirdaryo viloyati Musiqali drama teatrida Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi
2026-10-21 03:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi oliy toifali oʻqituvchilari hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati boʻlimi masʼul xodimlari ishtirok etib, oʻzbek tilining shakllanish va rivojlanish tarixi, uning milliy oʻzligimizni anglashdagi oʻrni, shuningdek, yurtimizda davlat tiliga qaratilayotgan yuksak eʼtibor haqida maʼlumotlar berdilar.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi masʼul xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlarining umumiy dunyoqarashi, siyosiy ongi, maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularda milliy gʻurur, yuksak vatanparvarlik va kasbiga sadoqat tuygʻularini mustahkamlash, xizmat intizomiga qatʼiy rioya etish hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yaratilgan imkoniyatlarning ahamiyati xususida tushuntirishlar berildi.
Maʼnaviy-maʼrifiy tadbir yakunida ichki ishlar organlari xodimlari uchun Sirdaryo viloyati Musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan buyuk maʼrifatparvar, jadidlik harakatining yirik namoyandalaridan biri Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan spektakl namoyish etildi.
Tadbir xodimlarning maʼnaviy dunyoqarashini boyitish, milliy qadriyatlarga hurmat va kasbiy masʼuliyatini yanada oshirishga xizmat qildi.
Fursatdan foydalanib, Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlari nomidan barcha yurtdoshlarimizni 21-oktyabr-—-Oʻzbek tili bayrami bilan samimiy muborakbod etamiz! Ona tilimiz doimo qadr topib, uning nufuzi va jozibasi yanada yuksalaversin!
Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati








