Andijon viloyatida ichki ishlar organlari va milliy gvardiyaning oʻrta boʻgʻin rahbarlari hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimi xodimlari uchun mobil kasbiy malaka oshirish kursi yoʻlga qoʻyildi
2026-10-20 18:00:00 / Yangiliklar

Mazkur tizim Prezidentimizning “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlash tizimini transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida xodimlarning zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga mos kasbiy bilim, amaliy koʻnikma hamda boshqaruv kompetensiyalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Oʻquv dasturida “Jamoat xavfsizligiga zamonaviy tahdidlar: ichki ishlar va milliy gvardiya organlarining ustuvor vazifalari”, “Xizmat yuklamasini boshqarish va shaxsiy tarkibning psixologik barqarorligini saqlash”, “Korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish va kasb odobiga rioya etilishini taʼminlash”, “Inqirozli vaziyatlarda rahbarning jamoatchilik bilan muloqoti”, “Faoliyatni rejalashtirish va boshqarishda geoaxborot tizimlari hamda raqamli tahlildan foydalanish”, “Xalq bilan muloqotda ishonch muhitini yaratish va “xavfsiz mahalla” tamoyilini hayotga tatbiq etish”, “Yoshlar, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olishda mahalla faollari bilan hamkorlik” hamda boshqa dolzarb mavzular qamrab olingan.
Mashgʻulotlar Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Malaka oshirish instituti, Jamoat xavfsizligi universitetining ilmiy-amaliy salohiyatga ega professor-oʻqituvchilari, shuningdek Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya markaziy apparati vakillari tomonidan olib borilmoqda.
Aytish joizki, mashgʻulotlar davomida xodimlarning intellektual salohiyati va aqliy qobiliyat koʻrsatkichini (IQ) aniqlash, nostandart va ekstremal vaziyatlarda toʻgʻri va mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatini baholashga qaratilgan kompleks psixologik hamda kasbiy diagnostika tadbirlari ham tashkil etiladi. Oʻquv kursi yakuni boʻyicha sinovlar qabul qilinib, xodimlarga tegishli sertifikatlar beriladi. Oʻz navbatida, yuqori natija koʻrsatgan xodimlardan rahbarlik lavozimlariga nomzod kadrlar zaxirasini shakllantirish koʻzda tutilgan.
IIV akademiyasi Axborot xizmati









