Navoiyda jinoyatchilik va kiberxavflarga qarshi kurashish choralari muhokama qilindi
2026-10-20 16:50:00 / Yangiliklar

Navoiy viloyati hokimligi raisligida oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, shu jumladan, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi. Unda Navoiy viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Azat Tasbayev hududdagi kiberjinoyatchilik holati, mavjud tahlillar hamda jinoyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan maʼruza qildi.
Shuningdek, fuqarolarning kiberxavfsizlik borasidagi bilim va koʻnikmalarini oshirish, aholi oʻrtasida profilaktik-tushuntirish ishlarini kuchaytirish, "APK qoʻriqchi" ilovasini targʻib qilish hamda masʼul idoralar hamkorligini yanada mustahkamlash masalalariga eʼtibor qaratildi. Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish, yoshlar oʻrtasida profilaktik ishlarni kuchaytirish va jinoyatlarga olib keluvchi omillarni barvaqt bartaraf etish zarurligi taʼkidlandi.
Masʼullarga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, topshiriqlar ijrosini taʼminlash va har bir yoʻnalishda amaliy natijadorlikka erishish boʻyicha vazifalar yuklatildi.
Navoiy viloyati IIB axborot xizmati




