Oliy taʼlim muassasalarida. Profilaktik koʻprik
2026-10-19 23:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Milliy universiteti Jizzax filialida tanish manzara: kimdir imtihonga tayyorlanyapti, yana kimdir ilmiy izlanish bilan band. Bu yerdagi osoyishtalik ortida ichki ishlar formasini kiygan ikki nafar xodimning ham zahmatli mehnati bor, albatta. Ular talabalar bilan muloqot qilishadi, zarur boʻlsa, ota-onasi bilan bogʻlanadi. Psixolog bilan hamkorlik qiladi.
Jizzax shahar IIB yoshlar masalalari boʻyicha profilaktika inspektorlari, mayor Bobur Radjabov va katta leytenant Kamola Qilichevalar 2022-yilda ushbu taʼlim dargohida inspektor sifatida ish boshlashgan. Tinimsiz profilaktika va hamkorlikdagi amaliy taʼsir choralari oʻz natijasini berdi: soʻnggi ikki yilda filial jinoyatdan xoli taʼlim maskaniga aylandi. Bunga qanday erishildi?
- Talabalar shartli ravishda «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratildi, - deydi mayor Bobur Radjabov. - Xulq-atvori, oʻqishi yoki harakatlarida salbiy oʻzgarish kuzatilgan talabalar «qizil» toifa roʻyxatiga kiritilib, doimiy nazoratga olinmoqda. Ayni paytda «qizil» toifadagi talabalar soni 18 nafar boʻlib, ular bilan kundalik muloqot oʻrnatildi.
Kimlar bilan istiqomat qilayotgani, qoʻshnilari, oilaviy muhiti va turmush sharoitigacha eʼtibor qaratildi. Xulqini tuzatish uchun hatto jazoni ijro etish muassasalariga olib borilib, jinoyatning oqibatlari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Albatta, ish jarayonida profilaktika inspektorlari yolgʻiz emas. Ular psixologlar, xotin-qizlar masalalari boʻyicha direktor oʻrinbosari, kura-torlar, tyutorlar, universitet masʼullari va ota-onalar bilan hamkorlik qilishmoqda.
Katta leytenant Kamola Qilichevaning aytishicha taʼlim maskanida 5000 nafardan ortiq talaba boʻlib, ularning toʻrtdan bir qismi ijara uyda, 240 nafari muassasa yotoq-xonasida yashaydi.
Xodimlarning xizmat xonasi ham yotoqxonada joylashgan. Bu talablardan murojaat yoki muammo boʻlsa, masalani tezkor oʻrganish imkonini beradi. Tez orada «Olmazor tajribasi» asosida SOS tugmalari oʻrnatilishi va yotoqxonani qoʻriqlovga olish belgilangan.
Shuningdek, «Xavfsiz talaba» dasturini ishga tushirish va uni «Qalqon» platformasiga integratsiya qilish rejalashtirilgan. Raqamlashtirish faoliyatimiz sifatini yanada oshiradi.
Oliy taʼlim muassasalaridagi profilaktika inspektorlari faoliyatining oʻziga xosligi shundaki, ular bir vaqtning oʻzida taʼlim muhiti, talabalarning ijtimoiy hayoti va huquq-tartibot tizimi kesishgan nuqtada ishlaydi.
Shuning uchun bu lavozimni muammoni eshitish, ishonchga kirish, xavfni oldindan koʻrish va zarur paytda inson taqdirini oʻzgartirishga harakat qilish vazifasi deb tushunmoq kerak.
© «Postda» gazetasi, Muqaddas Saparova, Jizzax viloyati.
