IIV Tezkor-qidiruv departamenti va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida yer resurslarini noqonuniy talon-toroj qilish bilan bogʻliq holatlarga chek qoʻyildi
2024-10-03 20:05:00 / Yangiliklar
Joriy yilning 24-sentyabr kuni IIV Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan Bosh prokuratura hamda IJQK Departamentining Chilonzor tumani boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi. 1999 hamda 2001-yilda tugʻilgan Toshkent viloyatida yashovchi ikki nafar shaxs jinoiy til biriktirib, Toshkent shahar, Yangihayot tumani, Oʻzar koʻchasi hududida joylashgan hokimiyat zaxirasidagi 8 sotix boʻsh yer maydonini hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 200.000 AQSH dollari talab qilib, oldindan boʻnak tariqasida 25.000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Samarqand viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati, viloyat prokuraturasi hamda Departamentning Payariq tuman boʻlimi xodimlari hamkorligida Pastdargʻom tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, 1979-yilda tugʻilgan muqaddam sudlangan shaxs Pastdargʻom tumani Shombuloq mahallasi hududida joylashgan fermer xoʻjaligiga qarashli 8 gektar yer maydonini 40 000 AQSH dollariga sotishini hamda kelgusida mansabdor tanishlari orqali hujjatlarini rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 20 000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Navoiy viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati tomonidan Navoiy shahar hududida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 1971-yilda tugʻilgan yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxs qoʻlga olindi. U Navbahor tuman hududida joylashgan Oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasiga tegishli boʻlgan 1000 gektar yer maydonini sotishi va hujjatlarni tayyorlab berish evaziga jami 15.000 AQSH dollarini talab qilib, oldindan 2.000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Har uch holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
IIV Tezkor-qidiruv departamenti