Toshkent shahar IIBBda 9 oylik faoliyat sarhisob qilinib, kelgusi vazifalar belgilab olindi
2026-10-19 09:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 9 oyi davomida poytaxtda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar hamda yilning toʻrtinchi choragida bajarilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, Toshkent shahar IIBB boshligʻi hamda tegishli masʼullar ishtirok etdi. Yigʻilishda poytaxtda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash, mahallalarda osoyishta muhitni shakllantirish, jinoyatchilikka taʼsir etuvchi omillarni bartaraf etish hamda har bir hududdagi kriminogen vaziyatdan kelib chiqib manzilli profilaktik choralarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Hisobot davrida poytaxt hududida qayd etilgan jinoyatlar tarkibi tahlil qilinib, ayrim yoʻnalishlarda ijobiy natijalarga erishilgani bilan birga, jiddiy eʼtibor talab etadigan holatlar ham mavjudligi qayd etildi.
Xususan, 9 oy davomida 4 871 ta jinoyatlar bevosita ichki ishlar organlari xodimlari tashabbusi bilan aniqlanib, jinoyat uchun javobgarlik muqarrarligi prinsipi taʼminlandi.
Oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar soni 16,1 foizga kamaygan boʻlsada, manzilli ishlash tizimi jadallashtirilganida, bu koʻrsatkich yanada yaxshiroq boʻlishi mumkinligi qayd etildi.
Hisobot davrida tergov va sud idoralaridan qochib yurib, qidiruvda boʻlgan 1 690 nafar shaxs ushlanib, jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini taʼminlandi.
Yil boshidan buyon boshqa viloyatlardan poytaxtga kelib, nazoratsiz yurgan probatsiya hisobidagi 185 nafar shaxs aniqlanib, belgilangan tartibda yashash joylariga qaytarilgan.
Mazkur yoʻnalishda mahalla yettiligi, hokimliklar, prokuratura organlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, muammoli toifadagi shaxslarning ijtimoiy moslashuviga koʻmaklashish hamda takroriy huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha manzilli ishlarni davom ettirish vazifalari belgilab olindi.
Bugungi kunda axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning raqamli xavfsizligini taʼminlash va ularni internetdagi firibgarliklardan himoya qilish ichki ishlar organlari faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Hisobot davrida sodir etilgan jinoyatlarning 51 foizidan ortigʻi axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar boʻlib, ushbu koʻrsatkich 3,4 foizga kamayishiga erishilgan.
Lekin bu hali kutilgan natija emasligi taʼkidlandi. Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda faqat tezkor choralar bilan cheklanib qolmasdan, aholini orasida profilaktik tushuntirish ishlarini kengaytirishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Shu maqsadda poytaxt boʻyicha 40 541 ta targʻibot uchrashuvi oʻtkazilib, ommaviy axborot vositalarida 1 214 ta chiqish tashkil etilgan va 1 690 671 ta targʻibot materiali tarqatilgan.
Shuningdek, aholi, jumladan, keksa yoshdagi fuqarolar oʻrtasida profilaktik tadbirlar oʻtkazilib, «APK Qoʻriqchi» mobil ilovasini oʻrnatish va undan foydalanish boʻyicha tushuntirish ishlari olib borilgan.
Yigʻilishda mazkur yoʻnalishda profilaktika tadbirlarining samaradorligini oshirish, aholining kiberxavfsizlikka oid bilimlarini mustahkamlash va zamonaviy firibgarlik usullari haqida muntazam ogohlantirib borish zarurligi qayd etildi.
Yigʻilishda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish va harakat ishtirokchilari oʻrtasida masʼuliyatni oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar ham koʻrib chiqildi. 2026-yilning 9 oyi davomida poytaxt hududida jami 458 ta yoʻl-transport hodisasi qayd etilib, ularning soni 45,1 foizga kamayishiga erishilgan.
Erishilgan natijalarni mustahkamlash, yoʻllarda xavfsizlik talablariga rioya etilishini nazorat qilish, haydovchilar va piyodalar oʻrtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish hamda yoʻl-transport hodisalari koʻp sodir boʻladigan hududlarda profilaktik choralarni manzilli tashkil etish lozimligi qayd etildi.
Yigʻilish yakunida hisobot davridagi natijalar bilan bir qatorda, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar ham tanqidiy muhokama qilinib, ularni bartaraf etish boʻyicha masʼul rahbarlarga aniq vazifalar yuklatildi.
Har bir hududdagi kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish, mavjud muammolarga yuzaki emas, balki tizimli yechim topish, fuqarolar murojaatlariga oʻz vaqtida munosabat bildirish va mahallalarda xavfsiz muhitni taʼminlashga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Masʼul rahbarlarga belgilangan vazifalar ijrosini qatʼiy nazoratga olish, har bir koʻrsatkich boʻyicha amaliy natijaga erishish hamda poytaxtda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash borasidagi faoliyat samaradorligini oshirish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati






