Faxriylar — faxrimiz. Ustoz ibrati
2026-10-18 17:45:00 / Yangiliklar

Yuzidan nur yogʻilib turgan bu insonni qorakoʻlliklar yaxshi tanishadi, hurmat qilishadi. Isteʼfodagi mayor Boʻron Hasanov uzoq yillar ichki ishlar organlarida samarali faoliyat koʻrsatib, el orasida obroʻ-eʼtibor qozongan faxriylardan.
U bilan suhbatlasharkanman, ichki ishlar organlarida xizmat qilishning sharafli va masʼuliyatli jihatlari, odamlar bilan muomala madaniyati, kasbga sadoqat va Vatanga muhabbat haqida koʻp narsani angladim. Hamon tetik, gʻayratli va mehnatsevar bu insonning sakson yosh ostonasida turganiga ishonish qiyin.
- Mehnat insonni yashartiradi, - deydi Boʻron bobo. - 1992-yilda pensiyaga chiqqan boʻlsamda, bir kun ham bekor oʻtirmadim. Turmush oʻrtogʻim Muhabbatxon bilan besh oʻgʻil, besh qizni voyaga yetkazib, oʻqitishning oʻzi boʻlmadi. Dehqonchilik qildim, chorva boqdim, asalarichilik bilan shugʻullandim, hatto kirakashlik ham qildim. Mehnatning aybi yoʻq. Hozir ham qoramollarim bor, asalarichilik qilaman, hovlidagi daraxtlarga shakl beraman. Qisqasi, qimirlab-qimirlab qir oshyapmanda!
Boʻron boboning ichki ishlar tizimidagi mehnat faoliyati 1970-yilda boshlangan. Harbiy xizmatdan qaytgach, tuman IIB binosi oldidagi Yongʻinga qarshi kurash koʻngillilar jamiyatida haydovchi boʻlib ishlagan. Ichki ishlar xodimlarining xizmatini kuzatib, ularning kasbiga qiziqishi ortib borgan. Koʻp oʻtmay, tuman IIB boshligʻi Salim Bibudov uni ishga taklif etadi. Bu Boʻron Hasanov uchun ayni muddao boʻldi.
U xizmatini konvoy avtomashinasi haydovchisi sifatida boshlab, navbatchilik qismida murojaatlar va sodir etilgan jinoyatlarni qayd etish, tezkor-tergov guruhlarini voqea joyiga yuborish ishlarida qatnashadi. Bir yildan soʻng temiryoʻl stansiyasida uchastka noziri yordamchisi lavozimiga oʻtkaziladi. Bu yerda katta leytenant Karim Irgashev bilan yelkama-yelka ishlab, kasb sirlarini oʻrganadi. Oʻsha davrda temiryoʻl stansiyasi jinoyatchilik koʻp uchraydigan hududlardan biri edi. Turli hududlardan kelgan odamlar oqimi, jinoyatlarning koʻpligi xodimlardan kechayu kunduz sergaklikni talab qilardi. Boʻron Hasanov ustozi Karim aka bilan profilaktik tadbirlarni kuchaytirib, jinoyatchilikning oldini olishga munosib hissa qoʻshadi. Shu bilan birga, IIV Toshkent oʻrta maxsus maktabida oʻqib, leytenant unvonini oladi. Keyinchalik tuman IIB Jamoat tartibini saqlash bosh inspektori lavozimiga,1987-yilda esa DAN boshligʻi etib tayinlanadi. Oradan ikki yil oʻtib, tuman IIBda xizmat boʻyicha oʻrinbosar lavozimi joriy etiladi va unga shu masʼuliyatli vazifa ishonib topshiriladi. U pensiyaga chiqquniga qadar mazkur lavozimda faoliyat yuritadi.
Boʻron boboning hayotdagi eng katta boyligi - oilasi, farzandlari, nabiralari, doʻstlari va shogirdlari. U koʻp yillik xizmati davomida koʻplab yosh xodimlarga ustozlik qildi. Isteʼfodagi podpolkovniklar Otanazar va Shonazar Odnayevlar, Saidumar Poʻlatov, isteʼfodagi kapitan Komil Irgashev, isteʼfodagi starshina Shavkat Hayitov kabi shogirdlari shular jumlasidan. Bundan tashqari, qorakoʻllik ichki ishlar organlari xodimlarining barchasi bu koʻpni koʻrgan faxriyning nasihatu maslahatlariga amal qilib kelmoqda.
- Bugungi osoyishtalik posbonlariga havas bilan qarayman. Biz xizmat qilgan davrda bunday shart-sharoitlar, zamonaviy texnika vositalari, kompyuterlar va qulay xizmat xonalari yoʻq edi. Bularning barchasi mustaqilligimiz, davlatimiz gʻamxoʻrligi va islohotlar samarasidir, - deydi Boʻron bobo.
Faxriyning yosh xodimlarga nasihati esa oddiy, ammo hayotiy:
- Halol ishlang, fuqarolar bilan xushmuomala boʻling, formangizga dogʻ tushirmang. Eng muhimi, sabrli boʻling. Ana shularga amal qilsangiz, bizdan ham yuqori natijalarga erisha olasiz.
Mirzoqul Ahadov, oʻz muxbirimiz
Buxoro viloyati
