Inson qadri ulugʻ. Umid va imkoniyat sari
2026-10-17 20:20:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga koʻra Surxondaryo viloyatida 92 nafar shaxs afv etildi. Ularning 50 nafari jazodan toʻliq ozod qilingan boʻlsa, 22 nafari muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi, 5 nafariga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi esa axloq tuzatish ishlariga almashtirildi.
Ayni paytda viloyatda afv etilgan fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, viloyat hokimi oʻrinbosari A.Abdurahmonov, viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik J.Avazov va viloyat prokurori oʻrinbosari I.Xoʻjamurodov ushbu fuqarolar bilan uchrashib, ularning turmush sharoiti, mavjud muammolarini oʻrgandilar.
Viloyatda jazodan ozod etilgan shaxslarning jamiyatda oʻz oʻrnini topishi va qayta huquqbuzarlik sodir etishining oldini olish maqsadida manzilli profilaktik chora-tadbirlar yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, jazodan toʻliq ozod qilingan 50 nafar shaxs profilaktik hisobga, qolganlari esa probatsiya hisobiga olindi. Ularning jamiyatga qayta uygʻunlashishiga koʻmaklashish uchun mahallalardagi obroʻ-eʼtiborli, hayotiy tajribaga ega fuqarolar orasidan murabbiylar biriktirildi.
Koʻrilgan choralar natijasida hozirga qadar afv etilganlarning 27 nafari ish bilan taʼminlandi. Qolgan fuqarolarni ham ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb etish ishlari izchil davom ettirilmoqda. 2 nafar shaxsga ID-karta olishda amaliy yordam koʻrsatilgan boʻlsa, ijtimoiy koʻmakka muhtoj 58 nafar fuqaro bir martalik moddiy yordam olish uchun «E-probatsiya» elektron tizimiga kiritildi.
©«Postda» gazetasi, Feruza RAHMONQULOVA, Surxondaryo viloyati.
