Qashqadaryo viloyatida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlar tanqidiy-tahlil qilindi
2026-10-17 18:50:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi rahbariyati huzurida Qashqadaryo viloyatida 2026-yilning 9 oyi davomida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar muhokamasiga bagʻishlangan tanqidiy-tahliliy yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov, viloyat IIB boshligʻi, polkovnik Abduvoxid Ismoilov, boshqarma boshliqlarining oʻrinbosarlari, sohaviy xizmatlar hamda shahar-tuman ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Yigʻilishda viloyatdagi kriminogen vaziyat, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularning sodir etilishiga imkon berayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Shundan soʻng sohaviy xizmatlar va shahar-tuman ichki ishlar organlari faoliyati tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqildi. Xususan, kriminogen vaziyati murakkab hududlarda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish hamda profilaktik ishlar samaradorligini oshirish borasidagi mavjud kamchiliklarga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, kiberjinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning internet tarmogʻi orqali sodir etilayotgan firibgarliklardan himoya qilish, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish masalalari ham alohida muhokama qilindi. Bu borada profilaktik va tushuntirish ishlarini kuchaytirish, kiberjinoyatlarni barvaqt aniqlash hamda ularning fosh etilishini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.
Muhokamalar davomida jinoyatchilikka qarshi kurashish, qonun ustuvorligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar uchun xavfsiz muhit yaratish yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, faoliyatda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi. Shuningdek, kelgusida natijadorlikni oshirish, mavjud muammolarni bartaraf etish va xizmat faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi.
Shu bilan birga, mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, jinoyatchilikning oldini olishda mahalla yettiligi hamda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Fuqarolar murojaatlarini oʻz vaqtida oʻrganish va sifatli hal etish, xizmat intizomini mustahkamlash, qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilish masalalari ham kun tartibidan oʻrin oldi.
Yigʻilish yakunida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, uni jilovlash va sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish, fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, ayniqsa, voyaga yetmaganlar oʻrtasida giyohvandlikning tarqalishiga qarshi kurashish borasida masʼullarga aniq topshiriqlar berildi. Belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, har bir yoʻnalishda masʼuliyat va talabchanlikni oshirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti





