Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi
2026-10-17 16:50:00 / Yangiliklar

Mazkur hujjat axborot-tahliliy faoliyat, ilmiy tadqiqotlar va kadrlar malakasini oshirish yoʻnalishlarida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridan biri — tahliliy faoliyat yoʻnalishidagi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning kasbiy salohiyatini oshirishdan iborat. Bu borada qisqa muddatli oʻquv kurslari, seminar-treninglar, sayyor mashgʻulotlar va mahorat darslarini tashkil etish, mutaxassislarni oʻquv jarayoniga jalb etish, shuningdek, Oliy maktab tinglovchilarining Bosh markazda amaliyot oʻtashini yoʻlga qoʻyish nazarda tutilgan.
Tomonlar hamkorlikda oʻquv-uslubiy, ilmiy va tahliliy materiallarni tayyorlash, tadqiqotchilarning ilmiy ishlariga koʻmaklashish hamda tajribalarni muntazam almashishni rejalashtirgan.
Belgilangan vazifalar qoʻshma reja va dasturlar asosida amalga oshirilib, taʼlim, ilm-fan va ekspertlik amaliyotining oʻzaro hamkorligi va uygʻunligini mustahkamlashga, xodimlarning tahliliy koʻnikmalari va kasbiy tayyorgarligini rivojlantirishga xizmat qiladi.
