Milliy gʻurur va sadoqat: ichki ishlar organlarida “Eng yaxshi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar targʻibotchisi” respublika tanlovi oʻtkazildi
2026-10-16 20:00:00 / Yangiliklar

Milliy gʻurur va sadoqat — Vatanga muhabbat, xalq manfaatlariga fidoyilik va kasbiy masʼuliyatning yuksak ifodasidir. Ushbu ezgu qadriyatlarni ichki ishlar organlari xodimlari ongi va qalbiga chuqur singdirish, ularning maʼnaviy-maʼrifiy salohiyatini yuksaltirish hamda ilgʻor tajribalarni ommalashtirish maqsadida “Eng yaxshi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar targʻibotchisi” respublika tanlovi oʻtkazildi.
Abdulla Qodiriy nomidagi memorial muzeyda tashkil etilgan tanlovning respublika bosqichida hududiy saralashlardan muvaffaqiyatli oʻtgan shahar va tuman IIB boshliqlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha 14 nafar oʻrinbosari oʻz bilim va mahoratini namoyish etdi.
Ishtirokchilarning maʼnaviy-maʼrifiy bilimlari, davlat boshqaruvi sohasidagi salohiyati, jismoniy va jangovar tayyorgarligi, shuningdek, xizmat faoliyatidagi natijalari baholandi. Ularning shaxsiy tarkib bilan ishlash tajribasi, xizmat intizomi, targʻibot faoliyati va individual yutuqlariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Tanlovning yakuniy tadbirida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Diyorbek Sattarov ishtirok etib, tizimda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, xodimlarda vatanparvarlik, milliy gʻurur va kasbiy fidoyilik tuygʻularini mustahkamlashning ahamiyatini taʼkidladi.
Xususan, “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish — oliy burchimiz!” degan konseptual gʻoyani har bir xodimning hayotiy eʼtiqodiga aylantirish, ularda oʻz kasbidan gʻururlanish va ichki ishlar organlari safida xizmat qilayotganidan faxrlanish tuygʻusini yuksaltirish, shaxsiy tarkib oʻrtasida sogʻlom maʼnaviy muhitni shakllantirish hamda xizmat intizomini mustahkamlash ustuvor vazifalar ekani qayd etildi.
Tanlov yakuniy natijalariga koʻra, birinchi oʻrinni Fargʻona viloyati Buvayda tumani IIBdan podpolkovnik Iqboljon Abdullayev, ikkinchi oʻrinni Toshkent shahar IIBB Chilonzor tumani boʻyicha IIO FMBdan polkovnik Numonjon Yunusov, uchinchi oʻrinni esa Sirdaryo viloyati Guliston tumani IIBdan kapitan Xurshid Muqumov egalladi.
Gʻolib va sovrindorlarga tegishli darajadagi diplomlar topshirildi. Ikkinchi va uchinchi oʻrin sohiblari qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Birinchi oʻrin gʻolibiga esa bir yil davomida oylik pul taʼminotining 50 foizi miqdorida pul mukofoti berilishi belgilandi.
Mazkur tanlov ichki ishlar organlarida ilgʻor tajribalarni keng yoyish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda milliy gʻurur va Vatanga sadoqatni hayotiy eʼtiqodiga aylantirgan fidoyi xodimlarni ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.









