Adiblar xiyobonida Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi
2026-10-16 09:00:00 / Yangiliklar

Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda ijod ahli vakillari, tilshunos mutaxassislar, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi professor-oʻqituvchilari va kursantlari ishtirok etdi.
Tadbirda ona tilimizning boy tarixi, asrlar davomida xalqimiz maʼnaviy hayotida tutgan oʻrni, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining tarixiy ahamiyati, keyingi yillarda oʻzbek tilining obroʻyi va nufuzini yanada yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar haqida soʻz bordi.
Taniqli adiba Maʼmura Zohidova ona tilimizning keng imkoniyatlari xususida mulohaza yuritib, buyuk ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan tilimizning sofligi va jozibadorligini asrash, yoshlarni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish bugunning dolzarb vazifasi ekanini taʼkidladi.
Tadbir badiiy havaskorlik toʻgaraklari tomonidan tayyorlangan dasturlar bilan davom etdi. Kursantlar ona tilimizga boʻlgan cheksiz mehr-muhabbatlarini sheʼriy chiqishlar orqali ifoda etib, maʼrifatparvar bobomiz Abdulhamid Choʻlponning hayotiga bagʻishlangan sahna koʻrinishini namoyish qildilar.
Ona Vatanimizni ulugʻlovchi qoʻshiqlar tadbirga koʻtarinki ruh bagʻishladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati





