IIV rahbariyati tomonidan Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasida joriy yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan kengaytirilgan hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-10-13 23:15:00 / Yangiliklar

Yigʻilishda Xorazm viloyati IIB boshligʻi Oybek Kaimxodjayev, uning oʻrinbosarlari, boshqarmaning sohaviy xizmatlari rahbarlari va masʼul xodimlari, shahar-tuman ichki ishlar organlari boshliqlari hamda ularning oʻrinbosarlari ishtirok etdi. Hududiy boʻlinmalarning boshqa shaxsiy tarkibi esa videokonferensaloqa tizimi orqali yigʻilishga ulandi.
Yigʻilish kun tartibidan jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, aholi bilan manzilli ishlash, shuningdek, ichki ishlar organlarida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar natijadorligini tahlil qilish masalalari oʻrin oldi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan viloyat IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari, polkovnik Ilhom Tillayev axborot berdi. Unda hisobot davrida amalga oshirilgan tezkor-qidiruv, profilaktik va tashkiliy chora-tadbirlar, ularning samaradorligi, shuningdek, faoliyatning ayrim yoʻnalishlarida kuzatilgan kamchiliklar hamda ularning kelib chiqish sabablari atroflicha tahlil qilindi. Mavjud muammolarni bartaraf etish, ishni samarali tashkil qilish va belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan yigʻilishda faoliyatida kamchiliklarga yoʻl qoʻygan sohaviy xizmatlar va hududiy ichki ishlar organlari rahbarlarining hisobotlari ham tinglandi. Har bir yoʻnalish boʻyicha mavjud muammolar, ularning sabablari va bartaraf etish choralari muhokama qilinib, masʼul rahbarlarga aniq vazifalar yuklatildi. Bunda, ayniqsa, xizmat faoliyati samaradorligini oshirish, ijro intizomini mustahkamlash, fuqarolar murojaatlarini oʻz vaqtida va sifatli koʻrib chiqish, shuningdek, profilaktik ishlarning taʼsirchanligini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Muhokamalar davomida soʻz olgan Xorazm viloyati IIB boshligʻi Oybek Kaimxodjayev hisobot davrida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar belgilanganini taʼkidladi. Shuningdek, u har bir rahbar va xodim oʻz zimmasidagi vazifalarni sidqidildan, yuksak masʼuliyat va tashabbuskorlik bilan bajarishi, qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda xalq manfaatlariga xizmat qilishni faoliyatining bosh mezoni sifatida belgilashi lozimligini qayd etdi.
Taʼkidlanganidek, har bir hududdagi mavjud vaziyatni chuqur tahlil qilish, jinoyat va huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablarini barvaqt aniqlash, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish, aholi muammolariga oʻz vaqtida yechim topish hamda jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish ichki ishlar organlari faoliyatining muhim yoʻnalishlari hisoblanadi. Bu borada rahbarlarning shaxsiy masʼuliyatini oshirish va belgilangan vazifalar ijrosi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Yigʻilish yakunida Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, general-mayor Baxodir Mirzaraximov soʻzga chiqib, Xorazm viloyati ichki ishlar organlari tomonidan hisobot davrida muayyan ijobiy natijalarga erishilganini eʼtirof etdi. Ayni vaqtda faoliyatdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, xizmatlarning oʻzaro hamkorligini yanada kuchaytirish, zamonaviy boshqaruv va nazorat mexanizmlarini joriy qilish, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish hamda har bir xodimning xizmat intizomi va shaxsiy masʼuliyatini kuchaytirish yuzasidan tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berdi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar va ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi. Har bir topshiriqning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash, masʼul rahbarlarning hisobdorligini oshirish hamda faoliyat natijadorligini muntazam baholab borish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash Departamenti Axborot guruhi



