Xavfsiz turizm. Toshkentning mehmondoʻst mezbonlari
2026-10-13 13:10:00 / Yangiliklar

Toshkent koʻchalarida har kuni minglab odamlar ishga, yana kimdir uchrashuvga shoshadi, kimdir shaharning bugungi qiyofasidan bahramand boʻlish uchun sayrga chiqadi. Baʼzilar esa poytaxtga ilk bor qadam qoʻygan boʻladi. Ular uchun Toshkent hali notanish maskan: koʻchalar, manzillar, tarixiy obidalar, metro bekatlari, zamonaviy sayr maskanlari - barchasi yangi. Shunday paytda baʼzan eng oddiy savol ham katta ahamiyat kasb etadi: «Kechirasiz, bu manzilga qanday borsam boʻladi?»
Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlari bunday vaziyatlarga koʻp bora duch keladi. Zero, ularning xizmati faqat xavfsizlikni taʼminlashdan iborat emas. Baʼzan ular sayyoh uchun Toshkentdagi birinchi yoʻl koʻrsatuvchi, birinchi maslahat beruvchi va hatto mamlakatimiz haqidagi ilk taassurotning bir qismiga aylanishadi. Fikrimizcha, turizm sohasidagi xizmatning eng chiroyli jihatlaridan biri ham shunda — baʼzan katta taassurot juda kichik yordamdan boshlanadi.
Xotirjamlik - eng katta natija
Xavfsizlik deganda, koʻpchilikning koʻz oldiga patrul, nazorat yoki huquqbuzarlik sodir etilganidan keyingi harakatlar keladi. Aslida esa bizning xizmatimiz bundan ancha keng. Toshkent shahridagi turizm namoyish obyektlarida xizmat olib borarkanmiz, asosiy vazifalarimizdan biri fuqarolar va xorijiy mehmonlar oʻzlarini xavfsiz his qiladigan muhitni taʼminlashdir. Ayniqsa, odamlar gavjum boʻladigan joylarda, turizm namoyish obyektlari va 24/7 tartibida faoliyat koʻrsatadigan koʻchalarda doimo eʼtiborli va sergak boʻlish talab etiladi.
Kimdir sayr qilmoqda. Kimdir suratga tushmoqda. Kimdir farzandlari bilan vaqt oʻtkazmoqda. Kimdir Toshkentni ilk bor koʻrmoqda. Biz esa shu jarayonning ichida turib, atrofdagi vaziyatni kuzatamiz. Koʻpincha hech qanday hodisa yuz bermaydi. Bu, aslida, ishimizdagi eng yaxshi natijalardan biridir. Chunki xavfsizlik xizmatining eng katta yutugʻi — odamlar xavfsizlik haqida oʻylamasdan, oʻzini xavfsiz his qilishidir.
Poytaxtning 24/7 hayoti
Poytaxtda kechasi ham hayot «qaynaydi». Ayniqsa, 24/7 tartibida faoliyat koʻrsatuvchi koʻchalarda tun oʻziga xos kechadi. Chiroqlar, odamlarning suhbatlari, sayr qilayotganlar, mehmonlar, shaharning shovqini...
Shahar aholisi va mehmonlari hordiq chiqarayotgan bir paytda bizning xizmatimiz davom etadi. Bu kasbning oʻziga xosligi ham shunda: bayrammi yoki oddiy kunmi, kunduzmi yoki tunmi, sayyoh chet eldan kelganmi yoki Oʻzbekiston fuqarosimi — farqi yoʻq. Eng muhimi — xorijiy va mahalliy sayyohlar hamda yurtdoshlarimiz uchun xavfsiz va osuda muhit yaratish. Mehnatimizning natijasi har doim ham koʻzga tashlanavermaydi. Baʼzan natija - sodir boʻlmagan hodisa, oʻz vaqtida koʻrsatilgan yoʻnalish, sayyohning yuzidagi xotirjamlik va minnatdorlikdir.
Xavfsizlik kafolati
Toshkentning mehmondoʻstligi faqat uning binolari yoki koʻchalari bilan oʻlchanmaydi. Mehmondoʻstlik undagi insonlarning munosabatida ham yaqqol namoyon boʻladi. Xavfsizlik esa ana shu mehmondoʻstlikning ajralmas qismidir.
Bugun biz poytaxtning turizm namoyish obyektlarida, gavjum maskanlarida va 24/7 hayoti davom etadigan koʻchalarida xizmat qilmoqdamiz. Kimdir bizni koʻradi, kimdir yoʻl soʻrab yonimizga keladi, kimdir esa shunchaki yonimizdan oʻtib ketadi. Bunda eng muhimi har bir insonning xavfsizligi. Baʼzan xizmat vaqtida atrofga qarab, sayyohlarning bemalol sayr qilayotganini koʻrib oʻylab qolasan kishi: «Bizning xizmatimiz aslida mana shu xotirjamlik uchun». Sayyoh Toshkentni eslab qolsin, Oʻzbekistonni yaxshi taassurot bilan tark etsin, bu yerda oʻzini xavfsiz his qilganini aytsin va balki bir kun yana qaytib kelsin. Eng katta mukofotimiz ham shu.
Farangiz Ergashova, Toshkent shahar IIBB XTTB JXB HPG inspektori, katta leytenant
