Otaliqdagi maktabda. Maqsad va hamkorlik uygʻunligi
2026-10-12 23:00:00 / Yangiliklar

Mirzaobod tumanidagi 25-sonli maktabda besh yuzdan ortiq oʻquvchi tahsil oladi. Bir necha yildirki, ushbu taʼlim muassasasi Sirdaryo viloyati IIB otaligʻida. Shu yillar davomida maktab gullabyashnadi. Kapital taʼmirlandi. Qoʻshimcha oʻquv binosi qurildi. Kadrlar tarkibining sifat koʻrsatkichi oshdi. Taʼlim darajasi yaxshilandi.
Viloyat IIB va umumtaʼlim maktabi oʻrtasida tuzilgan kelishuvga koʻra, maktabdagi maʼnaviy-maʼrifiy, axloqiy tarbiya koʻlami kengaydi. Maktab kutubxonasi eng yangi adabiyotlar bilan boyitildi. Maskan hovlisiga yuzdan ortiq koʻchat ekilib, bogʻ barpo etildi.
Oʻquvchilarning huquqiy bilimini oshirish maqsadida IIV Sirdaryo akademik litseyi oʻqituvchilari jalb qilindi. Maktabda uyushtirilgan uchrashuvlar, davra suhbatlari, muzey va tarixiy goʻshalarga sayohatlar salmogʻi ortdi. Yaqinda tashkil etilgan bir guruh oʻquvchilarning viloyat IIB «Ajdodlar izidan avlodlar» muzeyiga sayohati ana shunday tadbirlardan biri boʻldi.
10–11-sinf oʻquvchilarining muzeyga tashrifi viloyat IIBning tashkil etilish tarixi, turli lavozimlarda ishlagan taniqli shaxslar faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. Oʻtgan asrning 60–70-yillarida jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar, qoʻllanilgan texnik vositalar oʻquvchilarda katta taassurot qoldirdi.
— Oʻtgan asrga taalluqli yozuv mashinkasi, fotoapparatlar, ekspert-kriminalistika vositalari biz uchun oʻtmishni tasavvur qilishda muhim boʻldi, — deydi 10-«A» sinf oʻquvchisi Nigora Rasulova. — Ushbu tashrif davomida el-yurt tinchligini saqlash nechogʻlik mashaqqatli ekanligiga, fidoyilik talab qilishiga yana bir bor amin boʻldik.
Shuningdek, oʻquvchilar sayohat jarayonida Yangi Oʻzbekistonning yangi ichki ishlar organlari oldidagi vazifalar, «Xavfsiz mahalla», «Xavfsiz shahar» tamoyillari asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishtirildi. Zamonaviy kuzatuv kameralari tizimi, Face ID texnologiyasining qoʻllanilishi, shu orqali har qanday jinoyatchini tezda aniqlash va topish imkoniyati yaratilayotgani ularda katta taassurot qoldirdi.
© «Postda» gazetasi, Abdurahmon Mustafoqulov, Sirdaryo viloyati.
