IIV Tezkor-qidiruv departamenti va Toshkent shahar IIBB tezkor xodimlari tomonidan poytaxt hududida oʻtkazilgan tezkor tadbirda xonadonida katta miqdordagi giyohvandlik vositasini saqlab kelayotgan shaxs aniqlandi
2024-09-30 17:00:00 / Yangiliklar
Ayni vaqtda Toshkent shahri miqyosida giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish yoʻnalishida keng koʻlamli tezkor tadbirlar olib borilmoqda. Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti tomonidan yashash xonadonida koʻp miqdordagi giyohvandlik vositasini saqlab kelayotgan shaxs aniqlandi.
Joriy yilning 27-sentyabr kuni Toshkent shahri Uchtepa tumani Oqmachit mahallasida yashovchi shaxsning xonadoni koʻzdan kechirildi. 1962-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan ushbu shaxs yashash xonadonining omborxonasida quritib qoʻyilgan 2 tup 10 kg “Kannabis” giyohvandlik oʻsimligi, 13 ta bankada 13 kg, 3 ta korobkada 12 kg 200 gr, 2 qopda 2 kg, qora selofan paketda 700 gr, hamda bir nechta qogʻoz boʻlagida 200 gr, jami 38 kg 100 gr “marixuna” giyohvandlik vositasini saqlab kelayotganligi aniqlandi.
Olingan giyohvandlik vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirilib, holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 273-moddasi bilan jinoyat ishini qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.