Fidoyi xodimlar. Samarqandning sergak posboni
2026-10-12 01:25:00 / Yangiliklar

Samarqand viloyati IIB XTTB jamoat tartibini saqlash guruhi katta inspektori, katta leytenant Bekzod Qurbonovning xizmati jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish bilan cheklanmaydi. Baʼzan u sayyohlar uchun birinchi suhbatdosh, birinchi yoʻlboshchi, hatto Samarqand tarixi haqida hikoya qiluvchi ilk insonga aylanadi. Koʻpincha xorijlik mehmonlarga yoʻl koʻrsatarkan, bir vaqtning oʻzida shaharning koʻp asrlik tarixi, buyuk allomalari, sohibqiron Amir Temur barpo etgan davlat va Mirzo Ulugʻbekning ilm-fanga qoʻshgan hissasi haqida ham xorijiy tillarda gapirib beradi.
B. Qurbonov xizmat olib borayotgan hududda odamlar oʻzini erkin va xotirjam his etishi eng katta natija hisoblanadi. Shuning uchun u doimo vaziyatni kuzatadi, ehtimoliy xavflarni oldindan baholaydi va har qanday holatda tezkor hamda qonun doirasida qaror qabul qilishga intiladi. Lavhamiz qahramoni jamoada hamkasblarining fikriga quloq tutadi, zarur paytda oʻz tajribasini ayamaydi, qiyin vaziyatlarda esa yelkadosh boʻlishni burch deb biladi. Bir maqsad yoʻlida birlashgan jamoa bilan ishlash eng katta kuch ekanini yaxshi anglaydi.
Yaqinda xitoylik fuqaro Samarqandga sayohati davomida hujjatlari solingan sumkasini unutib qoʻyganini maʼlum qilib, XTTB xodimlaridan amaliy yordam soʻraydi. Bekzod Qurbonov vaziyatni oʻrganib, Registon majmuasi hududidagi kuzatuv kameralarini koʻrib chiqadi. Oʻrganishlar natijasida sayyohning sumkasi topib beriladi.
- Bekzod Qurbonov har qanday topshiriqqa masʼuliyat bilan yondashadi, - deydi viloyat IIB XTTB muhim topshiriqlar boʻyicha katta inspektori, katta leytenant Temur Qodirov.- Vazifaning katta-kichikligiga qaramay, uni puxta oʻrganish, har bir jihatini tahlil qilish va belgilangan muddatda sifatli bajarishni oʻzining kasbiy tamoyili deb hisoblaydi. Uning ish uslubida aniqlik, intizom va natijaga ustuvor ahamiyat beriladi.
Har kuni xizmatga otlanarkan, ota-onasining ezgu tilaklari va duolarini olishni unutmaydi. Bu esa unga masʼuliyatli vazifalarni sidqidildan bajarish, har qanday vaziyatda sabr-toqat va matonat bilan ish tutishga ruhiy kuch bagʻishlaydi.
- Bolam kichikligidanoq «Duo qiling» deganida, el-yurtga xizmat qiladigan, odamlarning koriga yaraydigan inson boʻlgin, derdim. Bugun mening duolarim amalga oshdi, niyatlarim ushaldi, - deydi fidoyi xodimning onasi Muharram Sodiqova sevinib.
Katta leytenant Bekzod Qurbonov uchun Vatan xizmatiga kamarbastalik - oliy saodat. Samarqandning ulugʻvorligi tarix bilan belgilangan boʻlsa, uning osoyishtaligi qasamyodiga sadoqat bilan yondashayotgan mana shunday jonkuyar xodimlar xizmati bilan mustahkamlanadi.
© «Postda» gazetasi, Umida Mamadaliyeva, Samarqand viloyati.
