Koʻrik-tanlov. Maʼnaviyat ham sinovdan oʻtadimi?
2026-10-10 23:00:00 / Yangiliklar

Maʼnaviyatni test bilan oʻlchab boʻladimi? Boshqalarga intizom, kasbga sadoqat va vatanparvarlik haqida gapirayotgan insonning oʻzi qanday boʻlishi kerak? Xorazm viloyati ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida oʻtkazilgan «Eng yaxshi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar targʻibotchisi» koʻrik-tanlovi ana shunday savollar haqida oʻylashga undadi.
Bellashuvda viloyat IIBning sohaviy xizmatlari hamda shahar-tuman ichki ishlar organlari boshliqlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari qatnashdi. Ishtirokchilar test sinovlaridan oʻtib, xizmat faoliyatiga oid nazariy bilimlarini namoyon etdilar. Shuningdek, bu safar ularning jismoniy va jangovar tayyorgarligi ham baholandi.
Bir qarashda maʼnaviyat bilan jismoniy tayyorgarlik bir-biridan uzoq tushunchalardek tuyulishi mumkin. Aslida esa ichki ishlar organlari xodimining xizmatida bilim, intizom, jismoniy tayyorgarlik va shaxsiy namuna bir-birini toʻldiradi. Chunki boshqalarga «intizomli boʻl», «kasbingga sadoqatli boʻl» deydigan rahbar, avvalo, oʻz faoliyati bilan bunga namuna koʻrsata olishi kerak.
Tanlov yakunlariga koʻra, 3-oʻrinni Xiva shahar IIB boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, podpolkovnik Jahongir Rahmetov, 2-oʻrinni viloyat IIB JXX YHXB boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, mayor Shuhrat Yaqubov egalladi. Faxrli 1-oʻrin esa Bogʻot tumani IIB boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, mayor Zafar Bekjonovga nasib etdi. U tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.
Gʻoliblik, tabiiyki, quvonchli, ammo bu yoʻnalishda birinchi boʻlishning masʼuliyati ham bor. Chunki maʼnaviy-maʼrifiy ishlar targʻibotchisini jamoa nafaqat aytgan soʻzlari, balki amaliy faoliyati, kundalik xatti-harakatlari orqali ham baholaydi.
Mayor Zafar Bekjonov bilan suhbatimizda ham asosiy eʼtibor aynan shaxsiy namunaga qaratildi.
— Menimcha, xodimga maʼnaviyat haqida gapirishdan avval rahbarning oʻzi shu fazilatlarni amalda koʻrsata olishi kerak. Jamoa soʻzdan koʻra insonning oʻzini koʻproq kuzatadi, undan oʻrnak oladi, — deydi u.
Darhaqiqat, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar faqat tadbir oʻtkazish yoki maʼruza qilishdan iborat emas. Xodimning kayfiyatini his etish, muammosini tinglash, yosh xodimga kasb sharafini anglatish, kerak boʻlsa, bir ogʻiz soʻz bilan uni ruhlantirish ham bu yoʻnalishning muhim jihatlaridan.
Ichki ishlar organlari xodimi ham, avvalo, inson. Uning ham oilasi, tashvishi, charchaydigan pallalari bor. Tungi navbatchilik, murakkab xizmat vazifalari, fuqarolar bilan muloqot — bularning barchasi undan ruhiy va jismoniy bardoshlilikni talab qiladi. Ana shunday paytda jamoa bilan ishlaydigan rahbarning sezgirligi alohida ahamiyat kasb etadi.
Shuning uchun maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini faqat oʻtkazilgan tadbirlar soni bilan baholab boʻlmaydi. Uning natijasi jamoadagi muhitda, xodimning xizmatga munosabatida, muomala madaniyatida va kasbiy masʼuliyatida namoyon boʻladi.
— Birinchi oʻrinni men gʻalabadan koʻra koʻproq masʼuliyat deb bilaman. Endi respublika bosqichida viloyatimiz shaʼnini munosib himoya qilish kerak, — deydi tanlov gʻolibi.
Tadbir yakunida gʻolib va faol qatnashchilar diplomlar, tashakkurnomalar hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Qarsaklar yangradi, ilgʻorlar eʼtirof etildi. Ammo maʼnaviyat targʻibotchisi uchun haqiqiy sinov tanlov tugaganidan keyin ham davom etadi. Ertasi kuni yana xizmat, yana jamoa, yana odamlar bilan muloqot.
© «Postda» gazetasi, Nilufar Jabborova, Xorazm viloyati.
