IIV Akademiyasiga Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasining tashrifi doirasida narkojinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha tajriba almashildi
2026-10-10 09:00:00 / Yangiliklar

Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi Tergov departamentining alohida muhim ishlar boʻyicha boʻlimi boshligʻi Denis Martinov boshchiligidagi delegatsiya IIV Akademiyasiga tashrif buyurdi.
Dastlab mehmonlar taʼlim dargohi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Axborot-resurs markazi, saf maydoni, tezkor-tergov guruhlari uchun moʻljallangan transport vositalari, sport majmuasi hamda boshqa muhim obyektlarni koʻzdan kechirish davomida ularga taʼlim jarayoniga tatbiq etilgan ilgʻor yondashuvlar, kursant va tinglovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berildi.
Muzokaralar zalida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekiston va Rossiya ichki ishlar idoralari oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati, oʻzaro tajriba almashish hamda manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chogʻida jinoyatchilikning zamonaviy shakl va usullariga qarshi kurashish, soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishda ilgʻor tajribalardan foydalanish muhimligi taʼkidlandi.
Tashrif doirasida akademiya professor-oʻqituvchilari, kursantlari hamda ichki ishlar organlarining amaliyotchi xodimlari uchun giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari tashkil etildi.
Unda sintetik giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bogʻliq yangi tahdidlar, narkojinoyatlarni aniqlash va fosh etishning ilgʻor usullari, shuningdek, raqamli texnologiyalar yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish masalalari atroflicha yoritildi.
Xususan, internet tarmogʻidagi narkodoʻkonlarni aniqlash va ular faoliyatiga chek qoʻyish, giyohvandlik vositalarining yashirin savdosiga qarshi kurashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar hamda ular bilan bogʻliq moliyaviy mablagʻlar harakatini kuzatish boʻyicha Rossiya tajribasi oʻrganildi.
Master-klass davomida ishtirokchilar narkojinoyatlarni fosh etish, tezkor-tergov tadbirlarini samarali tashkil qilish va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini mustahkamladilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati









