Fargʻona viloyati. Sulolaning munosib davomchisi
2026-10-09 22:15:00 / Yangiliklar

Viloyat IIB Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika xizmati Huquqiy statistika markazi boshligʻi oʻrinbosari - statistik maʼlumotlar boʻlimi boshligʻi, mayor Boburjon Madaminovning bugungi faoliyatida uch avlodni birlashtirib turgan kasbga sadoqat tuygʻusi mujassam.
Darhaqiqat, Boburjon Madaminov bu sohani bejiz tanlamagan. Uning bobosi Madaminjon Boborahimov 1945—1985-yillarda ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilgan. Fargʻona tumani IIBda xizmat faoliyatini boshlagan M. Boborahimov keyinchalik Quva tumani, Qoʻqon va Fargʻona shaharlari ichki ishlar bo‘limlari, viloyat IIB Qo‘riqlash bo‘limida mas’uliyatli vazifalarda xizmat qilgan.
Madaminjon otaning farzandlari G‘ulomjon va Abrorjon Boborahimovlar ham shu yo‘ldan borib, ichki ishlar organlariga ishga kirishdi. G‘ulomjon Boborahimov qariyb qirq yillik xizmat faoliyati davomida turli lavozimlarda ishlab, viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari vazifasidan, polkovnik unvonida pensiyaga chiqdi. Abrorjon Boborahimov ham tizimda turli rahbarlik lavozimlarida samarali mehnat qilib, otasi boshlagan kasb yo‘lini munosib davom ettirdi.
Ana shu muhitda voyaga yetgan Boburjon uchun sulola anʼanasini davom ettirish tabiiy tanlovga aylandi. Mustaqillik tengdoshi sifatida dunyoga kelgan Boburjon Madaminov 2012-yilda Namangan davlat universitetini tamomladi. Keyinchalik kasbiy bilimlarini yanada oshirish maqsadida IIV Akademiyasi magistraturasida tahsil olib, 2023-yilda uni muvaffaqiyatli yakunladi.
Uning xizmat faoliyati ham izlanish va tajriba maktabiga aylandi. Farg‘ona shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limida tergovchi, viloyat IIB Inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta’minlash bo‘linmasi bosh yuriskonsulti, Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘limi katta tezkor vakili, Qo‘shtepa tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari kabi lavozimlarda ishladi.
Yaqinda uning amakisi, polkovnik G‘ulomjon Boborahimov yashab o‘tgan xonadonda uy-muzeyi ochildi. Muzeyda Boborahimovlar sulolasiga oid ko‘plab nodir ashyolar, fotosuratlar, albomlar, hujjatlar jamlangan bo‘lib, yosh xodimlar tez-tez bu yerga kelib turishibdi. Boburjon uchun ham bu muzey juda qadrli joy. U yerga kirganida qalbiga faxr va iftixor tuyg‘ulari inib, ruhiy quvvat oladi. Bobosi bilan g‘oyibona suhbatlashadi. Go‘yo unga «Sulolamiz qadriyatlarini ardoqla», degandek tuyuladi.
Har kuni tongda otasi, iste’fodagi podpolkovnik Abrorjon Boborahimovdan duo olib ishga jo‘naydi va to kechgacha ota o‘gitlariga tayanib ish qiladi. Uning o‘zi ham ikki qiz, bir o‘g‘ilni munosib tarbiyalab kelmoqda. Vaqtlar kelib, o‘g‘li Xumoyunbek Madaminov sulolaning to‘rtinchi vakili sifatida ota kasbini tanlasa, ajabmas.
