Hududlarda jamoat xavfsizligini taʼminlash choralari kuchaytirilmoqda
2026-10-09 21:15:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2026 yil 8 sentyabrdagi 274-sonli farmoyishi ijrosi doirasida joriy yilning 6 oktyabr kuni IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Jamoat tartibini saqlash xizmati boshligʻi, polkovnik Otabek Sharipov tomonidan «qizil» toifaga kiritilgan «Buyuk Turon» mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida hududda sodir etilgan jinoyatlarning sabab va shart-sharoitlari tahlil qilinib, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq choralar belgilandi.
Xususan, ayrim koʻcha va ichki yoʻllarning tungi vaqtda yetarli darajada yoritilmagani oʻgʻrilik va boshqa turdagi jinoyatlar sodir etilishiga sharoit yaratayotgani aniqlandi. Mahalliy hokimlik va kommunal soha mutasaddilari bilan hamkorlikda qorongʻi hududlarga qoʻshimcha yoritish chiroqlari oʻrnatilib, fuqarolarning xavfsiz harakatlanishi uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Shuningdek, mulkiy jinoyatlarning oldini olish maqsadida savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, koʻp qavatli uylar hamda aholi xonadonlarining xavfsizlik holati oʻrganildi. 100 dan ortiq savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari hamda turar-joy mulkdorlariga ishonchli qulflar, himoya vositalari, signalizatsiya va boshqa xavfsizlik choralarini kuchaytirish yuzasidan tegishli ogohlantirish va taqdimnomalar kiritildi.
Hududdagi nizoli, muammoli va notinch oilalar xatlovdan oʻtkazilib, «mahalla yettiligi», imom-xatiblar va mahalla faollari ishtirokida oilaviy kelishmovchiliklarni bartaraf etish, taraflarni yarashtirish, ijtimoiy va psixologik koʻmak koʻrsatish choralari yoʻlga qoʻyildi.
Hududda mavjud 750 ta videokuzatuv kamerasining qamrovi qayta tahlil qilinib, kameralar nazaridan chetda qolayotgan «koʻr zonalar» aniqlandi va monitoring qamrovini kengaytirish choralari belgilandi.
Oʻrganishlar natijasida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha «Yoʻl xaritasi» ishlab chiqilib, belgilangan vazifalarning ijrosi hamda jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan chora-tadbirlar mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda kundalik nazoratga olindi.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Axborot xizmati




