Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xorijiy va mahalliy ekspertlarni hamkorlikka jalb qilish uchun ochiq ekspertlar tanlovini (Call for Experts) eʼlon qiladi
2026-10-09 18:15:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida kadrlar tayyorlash sifatini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish, taʼlim jarayoniga zamonaviy ilmiy-pedagogik yondashuvlarni keng joriy etish, kursant va tinglovchilarning amaliy kompetensiyalarini rivojlantirish maqsadida xorijiy va mahalliy ekspertlar ishga taklif qilinadi.
Ekspertlar quyidagi yoʻnalishlarga jalb qilinadi:
1. Taʼlim, texnologiya, innovatsiya va sunʼiy intellekt masalalari boʻyicha maslahatchi (Akademiya boshligʻi oʻrinbosari maqomida)
2. Sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish va taʼlimni raqamlashtirish boʻyicha ekspert
3. Xorijiy tillarni oʻqitish va xalqaro til kompetensiyalari boʻyicha ekspert
Murojaat uchun telefonlar:
(90) 047-90-70, (71) 265-16-38 (IIV akademiyasi kadrlar boʻlimi);
(97) 575-21-37, (91) 020-19-29, (71) 265-24-58 (IIV akademiyasi xalqaro hamkorlik guruhi);
“Telegram”, “WhatsApp”, “Instagram”, “Maks”: (97) 575-21-37;
faks: (71) 265-24-58, E-mail: uziivacademy@gmail.com;
manzil: Oʻzbekiston, Toshkent shahri, Intizor koʻchasi 68-uy, 100197
Taʼlim, texnologiya, innovatsiya va sunʼiy intellekt masalalari boʻyicha xorijiy maslahatchi (Akademiya boshligʻi oʻrinbosari maqomida)
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi taʼlim, ilmiy-tadqiqot, raqamli transformatsiya va innovatsion rivojlanishning yangi bosqichiga oʻtish maqsadida xalqaro darajadagi yuqori malakali xorijiy ekspertni strategik maslahatchi lavozimiga taklif etadi.
Mazkur lavozim Akademiyaning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini shakllantirish, zamonaviy taʼlim texnologiyalarini joriy etish, innovatsion ekotizimni rivojlantirish hamda sunʼiy intellekt imkoniyatlarini ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash jarayoniga integratsiya qilishga qaratilgan.
Maslahatchining asosiy missiyasi: Akademiyaning taʼlim, texnologiya, innovatsiya va sunʼiy intellekt sohalarida xalqaro raqobatbardoshligini taʼminlash, ilgʻor xorijiy tajribani milliy kadrlar tayyorlash tizimiga integratsiya qilish va Akademiyani zamonaviy huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlashning ilgʻor xalqaro markazlaridan biriga aylantirish boʻyicha strategik maslahatlar berish.
Maslahatchiga qoʻyiladigan asosiy talablar: oliy maʼlumotli, kamida magistr darajasiga ega boʻlishi, mutaxassisligi boʻyicha fan doktori (PhD/DSc) darajasi yoki professor unvoniga ega boʻlishi, xalqaro darajada tan olingan ekspert boʻlishi, xalqaro eʼtirof etilgan ilmiy ishlanmalar, innovatsion loyihalar yoki gʻoyalar muallifi boʻlishi, taʼlim, texnologiya, innovatsiya yoki sunʼiy intellekt sohasida kamida 10 yillik amaliy tajribaga ega boʻlishi, xalqaro universitetlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, texnologik kompaniyalar yoki xalqaro tashkilotlarda rahbarlik yoki ekspertlik tajribasiga ega boʻlishi, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar va zamonaviy taʼlim texnologiyalarini amaliyotga joriy etish boʻyicha tajribaga ega boʻlishi, xalqaro grantlar va yirik ilmiy-innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tajribasiga ega boʻlishi hamda qoida tariqasida ingliz tilini erkin bilishi shart.
Maslahatchining mehnatiga uning malakasi, xalqaro ekspertlik darajasi, professional tajribasi va lavozim vazifalarining koʻlamini inobatga olgan holda, bozor konyunkturasi asosida raqobatbardosh haq toʻlash mexanizmlari boʻyicha yuqori haq toʻlanadi.
Sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish va ta’limni raqamlashtirish bo‘yicha xorijiy yoki mahalliy ekspert
(Sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va ta’limni raqamlashtirish ofisi)
Hamkorlik maqsadi: Akademiyaning ta’lim jarayonini raqamli transformatsiya qilish, sun’iy intellekt texnologiyalari, intellektual ta’lim platformalari va zamonaviy raqamli yechimlarni ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot jarayoniga joriy etish, shuningdek, professor-o‘qituvchilar va kursantlarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish.
Ekspertning asosiy vazifalari:
· Akademiya ta’lim jarayonini raqamlashtirish bo‘yicha amaliy loyihalarni ishlab chiqish va joriy etish;
· Akademiya hamda ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlarining faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish;
· sun’iy intellekt asosidagi ta’lim texnologiyalari va raqamli platformalarni tanlash, sinovdan o‘tkazish va tatbiq etish;
· AI asosida intellektual test, baholash, tavsiya va tahlil tizimlarini ishlab chiqishga ko‘maklashish;
· ta’lim jarayonida Generative AI, AI Assistant, adaptiv ta’lim va intellektual tahlil texnologiyalaridan foydalanish mexanizmlarini ishlab chiqish;
· Akademiyaning raqamli ta’lim platformalarini takomillashtirish va ularning samaradorligini oshirish;
· professor-o‘qituvchilar uchun AI va raqamli ta’lim texnologiyalari bo‘yicha amaliy treninglar tashkil etish;
· xalqaro AI va EdTech kompaniyalari, universitetlar hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
· Akademiyada amalga oshiriladigan raqamli va AI loyihalarining yo‘l xaritasini ishlab chiqish va natijadorligini monitoring qilish;
· innovatsion loyihalar va ilmiy ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni tijoratlashtirish mexanizmlarini joriy etish;
· ta’lim, ilmiy-tadqiqot hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha AI asosidagi raqamli yechimlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish.
Ekspertga qo‘yiladigan asosiy talablar: oliy ma’lumotli, kamida magistr darajasiga ega bo‘lishi, sun’iy intellekt, kompyuter fanlari, raqamli texnologiyalar, ta’lim texnologiyalari yoki tegishli sohada PhD/DSc darajasi yoki professor unvoniga ega bo‘lishi, xalqaro yoki mahalliy darajada tan olingan AI va raqamli ta’lim eksperti bo‘lishi, sun’iy intellekt va ta’limni raqamlashtirish sohasida kamida 5 yillik amaliy tajribaga ega bo‘lishi hamda xalqaro e’tirof etilgan AI mahsulotlari, raqamli ta’lim platformalari, algoritmlar yoki innovatsion loyihalar muallifi bo‘lishi; AI texnologiyalarini ta’lim jarayoniga amaliyotda joriy etgan bo‘lishi, xalqaro universitetlar, EdTech va texnologik kompaniyalar yoki ilmiy-tadqiqot markazlarida ekspertlik yoki rahbarlik tajribasiga ega bo‘lishi, Generative AI, Machine Learning, Big Data, Predictive Analytics va zamonaviy EdTech yechimlarini amaliyotda qo‘llash tajribasiga ega bo‘lishi hamda xalqaro grantlar va texnologik loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tajribasiga ega bo‘lishi talab etiladi.
Ekspertning mehnatiga uning malakasi, xalqaro ekspertlik darajasi, professional tajribasi va lavozim vazifalarining ko‘lamini inobatga olgan holda, bozor konyunkturasi asosida raqobatbardosh haq to‘lash mexanizmlari bo‘yicha yuqori haq to‘lanadi.
Xorijiy tillarni o‘qitish va xalqaro til kompetensiyalari
bo‘yicha xorijiy yoki mahalliy ekspert
(Xorijiy tillar ofisi)
Maqsadi: Akademiyada xorijiy tillarni o‘qitish sifatini xalqaro standartlar asosida oshirish, tinglovchi-kursantlar va professor-o‘qituvchilarning til kompetensiyalarini rivojlantirish, xalqaro sertifikatlash tizimlarini joriy etish hamda xorijiy ta’lim muassasalari bilan til o‘rganish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish.
Ekspertning asosiy vazifalari:
xorijiy tillarni o‘qitishning zamonaviy xalqaro metodikalarini Akademiya ta’lim jarayoniga joriy etish;
kursantlar va professor-o‘qituvchilar uchun til o‘rganishning zamonaviy o‘quv dasturlarini ishlab chiqish;
til bilish darajasini baholash va xalqaro sertifikatlash tizimlarini joriy etish;
IELTS, TOEFL, CEFR va boshqa xalqaro til standartlari asosida baholash tizimini takomillashtirish;
xorijiy tillar o‘qituvchilarining kasbiy va metodik salohiyatini oshirish;
raqamli texnologiyalar va AI asosida til o‘rganish platformalarini ta’lim jarayoniga joriy etish;
xorijiy politsiya akademiyalari, universitetlar va til markazlari bilan hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish;
kursantlarni xorijiy tilda kasbiy muloqot qilish, xalqaro hujjatlar va professional adabiyotlar bilan ishlashga tayyorlash;
xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha samaradorlik ko‘rsatkichlari va monitoring tizimini joriy etish.
Ekspertga qo‘yiladigan asosiy talablar: oliy ma’lumotli, kamida magistr darajasiga ega bo‘lishi, filologiya, xorijiy tillar, tilshunoslik, lingvodidaktika yoki tegishli sohada PhD/DSc darajasi yoki professor unvoniga ega bo‘lishi, xalqaro darajada tan olingan til ta’limi eksperti bo‘lishi, xorijiy tillarni o‘qitish va ta’lim metodikasi sohasida kamida 10 yillik amaliy va ilmiy-pedagogik tajribaga ega bo‘lishi, xalqaro e’tirof etilgan til o‘qitish metodikalari, o‘quv dasturlari yoki ilmiy ishlanmalar muallifi bo‘lishi, CEFR va xalqaro til sertifikatlash tizimlari bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘lishi, shaxsan o‘zining xalqaro darajada eng yuqori pog‘onadagi sertifikati bo‘lishi, nufuzli xorijiy universitetlar, til markazlari yoki xalqaro ta’lim tashkilotlarida rahbarlik yoki ekspertlik tajribasiga ega bo‘lishi hamda xorijiy tillarni raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt vositalari orqali o‘qitish tajribasiga ega bo‘lishi hamda xalqaro ta’lim loyihalari va akademik hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish tajribasiga ega bo‘lishi, ingliz tilini erkin bilishi hamda kamida bitta boshqa xorijiy tilni professional darajada bilishi talab etiladi.
Ekspertning mehnatiga uning malakasi, xalqaro ekspertlik darajasi, professional tajribasi va lavozim vazifalarining ko‘lamini inobatga olgan holda, bozor konyunkturasi asosida raqobatbardosh haq to‘lash mexanizmlari bo‘yicha yuqori haq to‘lanadi.
