Kiberjinoyatlarning oldini olish boʻyicha Toshkent viloyati tajribasi yaratiladi
2026-10-09 12:30:00 / Yangiliklar

Bugun raqamli texnologiyalar hayotimizning deyarli barcha sohalariga chuqur kirib borgan bir sharoitda kiberxavfsizlik masalasi nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki butun jamiyat oldida turgan dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi oʻrinbosari Bahriddin Valiyev rahbarligida, Toshkent viloyati boʻylab kiberjinoyatchilikning oldini olish yuzasidan aholi oʻrtasida targʻibot tadbirlarining yangi tizimini yaratish boʻyicha ishlab chiqilgan takliflarni viloyat hududida joriy etishga qaratilgan masalalar muhokamasi boʻlib oʻtdi.
Viloyat Ichki ishlar Bosh boshqarmasida boʻlib oʻtgan muhokamada Respublika shtabi aʼzolari, IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, viloyat hokimligining masʼul rahbarlari hamda boshqa mutasaddi idoralar xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbirda, Bosh prokuratura Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda qonuniylikni taʼminlash boʻlimi boshligʻi A.Gʻulomov tomonidan taqdim etilgan aholi kibermadaniyatini yuksaltirish yuzasidan "Toshkent viloyati tajribasi"ni joriy etish boʻyicha taqdimoti muhokama qilindi.
Hozirda kiberjinoyatchilikni oldini olish borasida oʻtkazilayotgan targʻibot tadbirlari yetarli samara bermayotganligi sababli masʼullarga targʻibot tadbirlarini yanada kuchaytirish yuzasidan qator topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Yakunida sohada belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan muddatlari aniq belgilangan qaror qabul qilinib, ijroga qaratildi.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati







