Namangan viloyatining Chortoq va Uychi tumanlarida jinoyatchilikning oldini olish va jamoat xavfsizligini taʼminlash ishlari oʻrganildi
2026-10-09 11:55:00 / Yangiliklar

Namangan viloyatining Chortoq va Uychi tumanlarida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.
Chortoq tumanida viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, viloyat IIB boshligʻi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ishtirokida jinoyatchilik koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan mahallalardagi «yettilik» faoliyati muhokama qilindi. Unda yoshlar jinoyatchiligining sabablari, profilaktik hisobdagi yoshlar bilan ishlash natijalari tahlil qilinib, huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlar bandligini taʼminlash va profilaktika ishlarini kuchaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, tumandagi «Vaziyatlarni boshqarish markazi» faoliyati bilan tanishilib, zamonaviy axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt yordamida kriminogen vaziyatni onlayn kuzatish, xavflarni barvaqt aniqlash hamda yuzaga kelgan holatlarga tezkor munosabat bildirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Uychi tumanida esa viloyat IIB boshligʻi rahbarligidagi ishchi guruh «Obod» va «Soku» mahallalarida boʻlib, kriminogen vaziyat, huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari, mahalla «yettiligi» va profilaktika inspektorlarining hamkorligi hamda ilgari huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar bilan olib borilayotgan profilaktik ishlar samaradorligini tahlil qildi. Shuningdek, tuman IIBning joriy yildagi faoliyati, erishilgan natijalar, mavjud kamchiliklar va jamoat tartibini saqlash borasidagi ishlar koʻrib chiqildi.
Oʻrganishlar yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, yoshlar bilan manzilli ishlash, profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish hamda masʼul idoralar hamkorligini kuchaytirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati









